Samarqand sportida qanday qonunbuzilish holatlari bor? "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlariga viloyatdan necha nafar sportchi boradi?

Viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev, soha mas’ullari hamda sport maktablari direktorlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bosh savollar ana shunday bo‘ldi.

Dastlab sport sohasida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va ularga barham berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lum berildi. Ta’kidlanishicha, sport sohasida qonunbuzilish holatlari va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish uchun vazirlik tizimida aloqa kanallari hamda ishonch telefonlari ishlamoqda. Shuningdek, tizimda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlarning oldini olish, davlat byudjeti mablag‘laridan samarali foydalanish, ortiqcha ovoragarchilikka barham berish maqsadida sohadagi 24 ta yo‘nalishni qamrab olgan “YeRP-Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushirilgan.

- Korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini shakllantirish uchun boshqarmamizda korrupsiyaga qarshi kurashish jamoatchilik tuzilmasi ish olib boryapti, - deydi Sh.Ro‘ziyev. – Ammo shunga qaramay, keyingi paytda sohada ma’muriy kadrlarni tanlash, ish haqlarini hisoblash va to‘lash, sport ta’lim muassasalariga o‘quvchilarni qabul qilish, sport muassasalarining moddiy-texnik ta’minoti, trener-o‘qituvchilarga malaka toifasi hamda sport pasportini berish bilan bog‘liq qonunbuzilishlar uchramoqda. Xususan, yaqinda Toyloq, Payariq va Narpay tumanlaridagi sport muassasalarida shu kabi holatlar kuzatilgan bo‘lsa, respublika ishchi guruhining o‘rganishi natijasida Qo‘shrabot, Nurobod va viloyatning yana bir qancha tumanlarida “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarini tashkil qilish,  aholining jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlarini olish hamda seleksiya ishlari bilan bog‘liq muammo va kamchiliklar aniqlandi. Kamchiliklarni bartaraf qilish va ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berilgan.

Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasi sinovdan o‘tkazilmoqda

Prezidentimiz joriy yilning 21 fevralida imzolagan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida besh yo‘nalishda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari o‘tkazilmoqda.

Matbuot anjumanida viloyatda ham joriy yilning mart-aprel oylarida 7 yoshdan 17 yoshgacha, aprel-may oylarida 18 yoshdan 29 yoshgacha, avgust-sentyabr oylarida 30 yoshdan 49 yoshgacha, oktyabr-noyabr oylarida 50 va undan katta yoshdagi shaxslardan hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan jismoniy tayyorgarlik darajasi sport sinovlari qabul qilinayotganligi ma’lum qilindi.

- Ayni paytda viloyatdagi 1264 ta umumta’lim maktabida tahsil olayotgan 781 mingdan ziyod o‘quvchidan sport sinovlari olinmoqda, - deydi viloyat sport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Shamsiyev. - Ishtirokchilar uzoq va qisqa masofaga yugurish, yurish, basketbol savatchasiga to‘p kiritish, uzun va qisqa masofaga sakrash, granata uloqtirish shartlarida o‘zini ko‘rsatyapti. Mashqlarni bajarish darajasiga qarab ishtirokchilarga ball qo‘yib borilmoqda va yuqori natijani qo‘lga kiritgan o‘quvchilar joriy yilning may oyida Sport vazirligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi va turli imtiyozlarga ega bo‘ladi.

 "Parij-2024" Olimpiya o‘yinlariga Samarqanddan 16 nafar sportchi borishi kutilmoqda

Viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyevning ma’lum qilishicha, joriy yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga 12 nafar, XVII Paralimpiya o‘yinlariga 4 nafar sportchining litsenziya olishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar Olimpiya o‘yinlariga badiiy gimnastika bo‘yicha Taxmina Ikromova, yunon-rum kurashidan Islom Bahromov, boks bo‘yicha Nigina O‘ktamova hamda Paralimpiya o‘yinlariga para yengil atletika bo‘yicha Husniddin Norbekov, Kubaro Hakimova va Urganchbek Egamnazarov litsenziyani qo‘lga kiritgan.

621 mingdan ziyod yoshlar “Besh tashabbus olimpiadasi”da qatnashyapti

Tadbir yakunida joriy yil viloyatda 796 ta mahalliy, respublika va xalqaro sport tadbiri va musobaqalarini o‘tkazish belgilangani, shuningdek, ommaviy sport tadbirlari sonini 1722 taga oshirish orqali 1 million 159 ming nafarga yaqin aholini sport tadbirlariga qamrab olish rejalashtirilgani aytildi. Ayni paytda “Besh tashabbus olimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan 621 ming 461 nafar yoshlar o‘rtasida voleybol, kurash, gimnastrada, futbol va mini futbol, armrestling, stol tennisi, yengil atletika, vorkout, stritbol, shaxmat-shashka musobaqalari davom etayotgani ma’lum qilindi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.