Samarqand tumani hokimi nega intervyu bermadi?

Amaldagi qonunchilikka asosan intervyu berish haqidagi so‘rov 7 kun muddatda ko‘rib chiqiladi. Ammo o‘n kundirki, Samarqand tumani hokimligiga tuman hokimi bilan suhbat o‘tkazish uchun yuborgan savollarimizga javob yo‘q.

Savollarki, zamona zayliga, voqeliklarga hamohang edi. Xususan, xalq deputatlari tuman Kengashi faoliyati, uni yanada jonlantirish borasidagi fikrlar so‘ralgandi.

Qolaversa, jamoatchilik asosida tuman Kengashi raisi o‘rinbosari lavozimi to‘g‘risidagi tuman Kengashi raisi sifatidagi fikri bilan qiziqqanmiz.

Aslida bu savol-javobdan maqsad viloyat Kengashi namunali bo‘layotganiga ishora edi. Zotan, Kengashning so‘nggi sessiyasi onlayn tarzda o‘tkazildi. Unda ijro hokimiyatida mutlaqo mustaqil bo‘lish imkoniyati shakllandi. Negaki, endi Kengashning kotibiyati tashkil etilib, amalda ijro hokimiyatining tashkiliy-nazorat guruhi bajargan ko‘plab vazifalar aynan kotibiyatga yuklatildi.

Agar hokim berilgan savollar bilan tanishib chiqqanida aynan shu usul kelgusida hokimiyatlar bo‘linish prinsipi ro‘yobga chiqishida yaxshi qadam ekanligini qayd etgan bo‘lardi. Afsuski, bunday bo‘lmadi.

Axborot xizmati bilan bog‘lanib bilganimiz shuki, biz bergan savollarga javoblar tayyorlanayapti. Navbatdagi savol, avvalgilarga qo‘shimcha emas, javoblar qachon tayyor bo‘ladi?

Bundan tashqari, tuman hokimidan hududda amalga oshirilgan maqtashga arzigulik ishlar to‘g‘risida so‘ragandik. Chunki, Siz rahbarligingizda tumanda amalga oshirilgan uchta ijobiy o‘zgarishlarni sanab bering, deganda aynan shuni nazarda tutgandik.

Balki tuman hokimi Kengash faoliyati haqida fikr bildirishni istamagandir, ammo ijro organi rahbari – hokim sifatida tumandagi ijobiy o‘zgarishlar haqida jamoatchilikka axborot berishni xohlamagani qiziq.

Yo.MARQAYeV.