Samarqand tumanida Gentra haydovchisi maktab o‘quvchisini urib yuborib, qochib ketdi
Ijtimoiy tarmoqda Gentra maktab o‘quvchisini urib yuborgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB YHXB ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 18 dekabr kuni soat 17:25 lar atrofida Samarqand tumani “Ravonak” MFY hududida sodir bo‘lgan.
Yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga kesib o‘tayotgan 2011 yilda tug‘ilgan 7-sinf maktab o‘quvchisini shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan qora rangli Gentra urib yuborib, voqea joyidan ketib qolgan.
Oqibatda, maktab o‘quvchisi tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. YPX xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida ushbu haydovchi va transport vositasi topilgan.
Hozirda holat yuzasidan Samarqand tumani IIB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.