Samarqand tumanida ixtisoslashgan maktab qurilyapti

Bir guruh jurnalist va blogerlar Samarqand tumanida yangidan bunyod etilayotgan ixtisoslashgan maktabning qurilish jarayoni bilan tanishdi. 

Gulobod mahallasida bir gektar hududda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi ixtisoslashtirilgan maktab qurilishi davom etmoqda.

- Ushbu maktab qurilishi uchun 48,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan, - deydi “Texnostroy” qurilish korxonasi ish boshqaruvchisi Olim To‘xtamurodov. - Maktabda zamonaviy o‘quv binosi, laboratoriya xonalari, yotoqxona, oshxona va sport zallari bo‘ladi. Hozirgacha qurilish ishlarining yetmish foizi yakunlangan. 

480 o‘rinli yangi maktab binosi joriy yil oktyabr oyida foydalanishga topshiriladi. Maktab tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, o‘quvchilarga biologiya, kimyo, fizika, matematika va informatika fanlari o‘rgatiladi. 

 

Press tur ishtirokchilari “Barkamol avlod” bolalar maktabida ham bo‘ldi. 

Ayni paytda viloyatdagi barcha “Barkamol avlod” bolalar maktablarida 7 ta yo‘nalishda to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lib, ularga 45 ming 230 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olingan. Birgina viloyat “Barkamol avlod” maktabining o‘zida badiiy, texnik, sport, san’at, qo‘l mehnati, ekologiya va o‘lkashunoslik kabi 7 ta yo‘nalishdagi 41 ta to‘garak faoliyat olib bormoqda. Ushbu to‘garaklarda 1144 nafar o‘quvchi-yoshlar qiziqishlariga qarab mashg‘ulotlarda ishtirok etyapti. 

 

Maktab direktori Feruza Nazarovaga ko‘ra, muassasa xonalarida bir paytning o‘zida 600 nafar o‘quvchi mashg‘ulotlarda qatnashishi mumkin. Tajriba-sinov tariqasida 2022 yil noyabr oyidan maktabda shaxmat va mental arifmetika to‘garaklari tashkil etilgan edi. Hozirda taekvondo, karate, gimnastika to‘garaklari ham qo‘shildi. 70 ta a’zo bilan boshlangan to‘garaklarga bugun 280 nafar bola qatnayapti.  

– Shaxmat to‘garagiga muntazam qatnashaman, – deydi Samarqand shahridagi 20-maktabning 2-sinf o‘quvchisi Doniyor Nabiyev. – Darslardan keyin to‘garakka kelib, tajribali ustozlardan shaxmat sir-asrorlarini o‘rganyapman. Shaxmat musobaqalarida qatnashib, mahoratimni oshiryapman.

Maktabda pullik to‘garaklar ham tashkil etilgan bo‘lib, sport yo‘nalishlari va mental arifmetika to‘garaklariga ayniqsa, talab yuqori. Pulli to‘garaklarga haftaning ikki kuni ajratilgan. Bundan tashqari maktabda muzey tashkil etilgan bo‘lib, unda 60 ta eksponat hamda maktab o‘quvchilarining qo‘l mehnatlari o‘rin olgan.  “Barkamol avlod” bolalar maktablarida o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, mahoratlarini yanada yuksaltirish borasida samarali ishlar olib borilayotgani natijasida erishilayotgan yutuqlar salmog‘i ortib bormoqda. Maktab o‘quvchilari xalqaro ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarga munosib ko‘rilyapti. 

Boshqarma mas’ullarining ta’kidlashicha, 2023 yil byudjet mablag‘lari hisobidan Samarqand shahrining Qorasuv massivida 1680 o‘rinli va Urgut tumanidagi Mergancha mahallasida 990 o‘rinli  yangi maktab binolari quriladi.  

Sulaymon MARDIYeV.