Samarqand tumanida Konigil sayyohlik shaharchasi ochildi
Samarqand viloyatida tashkil etilgan yangi turistik yo‘nalishlar bo‘yicha axborot-tur ishtirokchilari Samarqand tumanidagi "Konigil meros" hunarmandchilik markazida bo‘lib, qadimiy qog‘oz ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Markazda bundan tashqari, qadimiy an’analar asosida kulolchilik, duradgorlik, yog‘ ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganiga guvoh bo‘lishdi.
Ta’kidlash lozimki, Konigil qishlog‘i bugun tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan. O‘zining go‘zal tabiati, uzoq tarixiy qadriyatlari va hunarmandchilik rivojlangan markaz sifatida bu hudud mahalliy va xorijiy sayyohlarning e’tiborini tortadi. Hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik bilan mashhur bo‘lgan qishloq aholisi o‘zining mehmondo‘stligi bilan ham tanilgan. Shuningdek, ushbu hududning har bir mehmoni mazkur joyda yetishtirilgan guruch va yog‘dan tayyorlangan palovni tatib ko‘rish imkoniyatiga ega.
Bir so‘z bilan aytganda, Konigil sayyohlik shaharchasida mehmonlarning madaniy dam olishi, xalq hunarmandchiligi va an’anaviy urf-odatlarimiz bilan tanishishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Konigil sayyohlik shaharchasi ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov, viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.