Samarqand va Buxoro – ilm-ma’rifat va hikmatning qiblasi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Turkiyaning islom tafakkuri instituti hamkorligida navbatdagi onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmatining xabar berishicha, mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan seminarda markaz tadqiqotchilari, yurtimizda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot va muassasalarning yosh olim va izlanuvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda ilohiyot, hadis va din ilmlari bo‘yicha taniqli olim, Turkiyaning Islom tafakkuri instituti rahbari, professor Mehmet Go‘rmez “Sahih al-Buxoriy” asarining hadis ilmida tutgan o‘rni, buyuk muhaddisning ushbu asarda hadislarni tasnif etishdagi o‘ziga xos uslubi” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
Olim 1994 yilda “Sunnat va hadisni tushunish va talqin qilishda metodologiya muammosi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgani, ushbu dissertatsiyani yozish davomida dunyoning qator islom mamlakatlarida bo‘lib, Imom Buxoriyga oid ko‘plab manbalarga murojaat qilganini va qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lganini qayd etdi.
– Faoliyatim davomida ko‘plab mamlakatlarda, xususan, O‘zbekistonda ham bo‘lganman, – dedi professor Mehmet Go‘rmez. – O‘shanda yurtingizda ulug‘ allomalar xotirasi, ularning ilmiy merosiga bo‘lgan hurmat, e’tiborni ko‘rib, nihoyatda xursand bo‘lgandim. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ibn Sino, Forobiy kabi ulug‘ mutaffakkirlarni voyaga yetkazgan Movarounnahr zaminiga, xususan, O‘zbekistonga mehr va muhabbatim ortgan. Samarqand va Buxoro o‘z davrida ilm-ma’rifat va hikmatning qiblasi bo‘lganiga amin bo‘lganman.
“Sunnat va hadisni tushunish”, “Hadis ilmining asosiy masalalari”, “Global dunyoda din va sivilizatsiya”, “Sunnat va hadisning bugungi kundagi ahamiyati” kabi kitoblarni nashr etgan Mehmet Go‘rmez hadisshunoslik yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan yosh olimlarga o‘z tavsiyalarini berdi.