Samarqand – vayronalar o‘rnida qayta rostlanavergan
1901 yil Parijda nashr etilgan asarda mualliflarning Moskvadan Samarqandgacha bo‘lgan masofani rus temiryo‘li bo‘ylab bosib o‘tgani, turli xalqlar va ularning yashash sharoitlari, Samarqand va Buxoro shaharlaridagi tarixiy obidalarning ayanchli ahvoli haqidagi taassurotlari hikoya qilinadi. Kitobda ayrim bahstalab ma’lumotlar ham uchraydiki, bu kitob qimmatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmaydi. Kyeng kitobxonlar ommasini mana shunday adabiyotlar bilan tanishtirish maqsadi yuzasidan asardagi ayrim hikoyalar namunalarni e’tiboringizga havol etishga qaror qildik.
…Samarqand shahrining shimoliy-g‘arbida Afrosiyob deb ataladigan kimsasiz tepalik mavjud. Bu tepalik qadimiy shaharning beshigi hisoblanadi. Zero uning zamini asrlar davomida biri ikkinchisidan keyin mavjud bo‘lgan madaniy qatlamlardan iborat. Qadim Samarqandda Rim suv quvurlaridan qolishmaydigan ajoyib yerosti «qo‘rg‘oshin quvurlari» qurilgan. Shahar otashparastlarning muqaddas kitobi «Avesto»ning bir qismi bo‘lgan «Zind-avesto»da tilga olingan Turonning afsonaviy hukmdori Afrosiyob nomi bilan atalgan. Miloddan avvalgi IV asrda Samarqand Iskandar Zulqarnayn boshchiligidagi yunon-makedon qo‘shinlari tomonidan zabt etiladi. Iskandar o‘limidan so‘ng Maroqand sarkarda Salavka va uning avlodlari qo‘liga o‘tadi. Eramizdan avvalgi 256 yilda ularning noibi Diodot isyon ko‘tarib, Yunon-Baqtriya davlatiga asos soladi. Oradan yuz yil o‘tib shahar Parfiya shohi Mitridat I qo‘liga o‘tadi.
Buyuk Ipak yo‘li mazkur shahar orqali o‘tgan va uning rivojida muhim rol o‘ynagan. Eramizning I asrida Samarqand Sug‘diyona va Baqtriya tarixida Buyuk Kushon davlati sifatida nom qoldirgan yirik davlat tarkibiga kirgan. Milodiy III-IV asrlarga kelib, bu saltanat inqirozga yuz tutadi va jangari ko‘chmanchi qabila eftalitlar ta’qibiga dosh berolmaydi. O‘z navbatida VI asrga kelib eftalitlar turkiy qabilalar tomonidan siqib chiqarilgan. Hukmdorlar va sulolalar almashinuviga qaramay Samarqand nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Sharq iqtisodiy, siyosiy-madaniy hayotida muhim o‘rin tutishda davom etgan.
O‘z davrida gullab yashnagan bu shaharni VIII asrda arablar istilo qilgan bo‘lsa, 1220 yilgi mo‘g‘ul to‘foni butunlay vayron qildi. Ketma-ket hujumlar natijasida qal’a devorlari quladi, shaharni suv bilan ta’minlab turgan qo‘rg‘oshin suv quvuri buzildi, jome’ masjidning kuli ko‘kka sovurildi. Tinch aholi esa g‘anim kamonbozlarining tirik o‘ljalariga aylandi. Suvsiz qolgan shaharda hayot so‘ndi. Lekin XIV asr boshida shahri darun va shahri berunda hayot asta-sekin izga tushdi.
XIV asrning birinchi choragida marokashlik mashhur sayyoh Ibn Battuta Samarqandga tashrif buyuradi. 1325 yildan 1350 yilgacha u Misrni va butun Osiyoni aylanib chiqadi. Uning xotiralarida Samarqand og‘ir talafotlar oqibatini tugatayotgan shahar sifatida gavdalanadi. Battutaning ta’kidlashicha, «Samarqand dunyoning eng yirik va eng go‘zal shaharlaridan biri hisoblanadi. Biroq shahar aholisining yuksak aqlu-zakovatidan darak bermish saroylar va imoratlar hamda ko‘plab mahallalar vayron qilingan. Qal’a devorlari va darvozalari buzib tashlangan bo‘lsa-da, uning bog‘larini sug‘orish uchun ko‘plab suv inshootlari bunyod etilgan».
Darhaqiqat, A.Dyuro va R.Fuvellar XIX asrning oxirida Samarqandga poyezdda kelayotganda Zarafshon daryosini ko‘radi. Zarafshon daryosi Samarqand mintaqasi uchun muhim obi-hayot manbai hisoblangan. Zarafshon forsiycha so‘z bo‘lib, «tilla tashuvchi» degan ma’noni beradi. Strabon unga «Politimet» deb nom bergan.
«Yaxshi saqlangan Samarqand» atamasi bejizga qo‘llanilmagan. Chunki shahar Iskandar Zulqarnayndan to Chingizxongacha bo‘lgan hukmdorlar va ularning qo‘shinlari tomonidan vayron etilsa-da, har safar vayronalar o‘rnida qayta paydo bo‘laverarkan.
Chingizxon olamdan o‘tgach, Samarqand uning o‘g‘li Chig‘atoy va undan keyingi farzandlar mulkiga aylanadi. Bu davrdagi shahar tarixi haqida deyarli ma’lumotlar yo‘q.
Amir Temur Samarqandga Ibn Battuta safaridan qirq besh yil keyin kirib keldi. Sohibqiron minglab vahshiy amaldorlar, azmu shijoatsiz xonlar o‘rtasida parokanda qilingan Movarounnahr taxtiga da’vogar sifatida maydonga chiqqanida endigina o‘ttiz to‘rt bahorni qarshilagan edi. U na shahzoda va na qudratli hoqonning merosxo‘ri, balki oddiy bir urug‘ boshlig‘ining o‘g‘li bo‘lganligi uchun ham bu o‘lka taxtiga g‘animlarni yengibgina o‘tirdi. Uning dastlabki qilgan ishi yurtning barcha boshliqlarini Samarqand yaqiniga to‘plab (ba’zi manbalarda Balx shahrida, aslida ham shunday), qurultoy o‘tkazish bo‘ldi. Bunday katta yig‘inlar mo‘g‘ul hukmdorlari tomonidan uyushtirilar va ularda bo‘lajak janglarga tayyorgarlik masalalari muhokama kilinardi. Deyarli barcha amirlar taklifni qabul qilishdi, ular munosib tarzda rag‘batlantirildilar. Biroq qurultoyga kelmaganlar isyonkor deb nom oldi va keyinchalik shunga loyiq jazolandilar. U mo‘g‘ullar hukumronligi davrini qo‘msaganlar uchun qo‘shinda Chingizxon tomonidan tuzilgan koidalar - «Yasoq»ni saqlab qoldi. Amir Temur Chingizxon avlodidan bo‘lmish shahzoda Suyurg‘atmishni taxtga o‘tqazib, o‘zini uning lashkarboshisi deb e’lon qildi. Aslida esa xon barcha masalalarda unga itoat qilardi. 1370 yildan 1405 yilgacha bo‘lgan davrda Sohibqiron Amir Temur Eron, Iroq va Turkistonni zabt etdi, Suriya, Hindiston va O‘rusiyani bo‘ysundirdi, Turkiyani mag‘lubiyatga uchratdi. Damashq, Bag‘dod va Dehlida zafar quchdi, zamonasining eng mohir jangchilari bo‘lmish mo‘g‘ullar, mamluklar va yanicharlarni mahv qildi. Yevropada Tamerlan (forscha Temurlang - Oqsoq Temur) nomi bilan ma’lum bo‘lgan Amir Temur o‘ttiz besh yilga yaqin vaqt ichida Osiyoni tiz cho‘ktirdi.
Mualiflarning fikiricha, tarixan qisqa umr ko‘rgan buyuk saltanat barpo etdi. Aslida, Amir Temur besh asr mobaynida avval Movarounnahrda, so‘ng Xurosonda, undan keyin Hindistonda mavjud bo‘lgan saltanat asosini barpo etgan edi. U saltanatning birinchi poytaxti Samarqandni tengsiz me’moriy obidalar bilan bezatdi. Harbiy yurishlarida nafaqat behisob boyliklarni qo‘lga kiritdi, shuningdek, tekin ishchi kuchi hisoblangan ko‘plab asirlarni, asosiysi, tajribali me’morlar va qurilish ishining mohir ustalarini Movarounnahrga olib kelishga erishdi. Bu davrga kelib Markaziy Osiyo me’morchiligi Eron, Ozarbayjon, Huroson, Xorazm me’morchiligi bilan birlashgan holda o‘z taraqqiyotining yuqori cho‘qqisiga ko‘tarildi va u o‘zining g‘oyaviy ulug‘vorligi, uni ro‘yobga chiqarishdagi mukammalligi bilan ajralib turdi.
1371-1372 yillarda Amir Temur farmoni bilan Samarqand hisorining g‘arbiy qismida, tabiiy tepalikda qal’a barpo etilgan bo‘lib, qal’a ichida ma’muriy binolar, qurolsozlik ustaxonalari, aslahaxona, xazina, qamoqxona (zindon) joylashgan edi. Binolar ichida Ko‘ksaroy - Amir Temur saroyi o‘zining ulug‘vorligi bilan alohida ajralib turardi. U to‘rt qavatli bo‘lib, uning tashqi bezagida ko‘k-zangor koshinning keng qo‘llanilganligi uchun Ko‘ksaroy deb atalgan. «Talari Temur» deb ataluvchi Amir Temurning qabulxonasi ham shu yerda joylashgan edi. Bu zalda Usmonlilar saltanati poytaxti Burssadan Amir Temur farmoni bilan olib kelingan Ko‘ktosh ham bor edi. Bu Ko‘ktosh keyinchalik Buxoro amirligida amirlarning taxtga o‘tirish marosimlarida ham foydalanilgan. Qal’a ichidagi ikkinchi saroy mevazor bog‘da joylashganligi uchun Bo‘stonsaroy deb atalgan. Ikkala saroy ham, shuningdek, qal’a ichidagi boshqa barcha imoratlar xam bizning davrimizgacha saqlanmagan. Fransuz sayyohlari A.Dyuro va R.Fuvellar Samarqandga tashrif buyurishganida qal’a va boshqa imoratlar ayanchli holda bo‘lsa-da, hali mavjud edi.
Shahr (Shahrisabz)dagi Oqsaroy Amir Temurning devoni joylashgan saroy haqida tasavvur beradi. Oqsaroy nomi uning oq rangda bo‘lganligidan bo‘lsa ehtimol, lekin «oq» atamasining ko‘chma-ulug‘vor, salobatli ma’nolari ham mavjud. Saroy qurilishi 1380 yilda boshlanib, 1386 yilgacha davom etgan, lekin pardozlash ishlari 1404 yilgacha amalga oshirilgan. Bulardan tashqari, Amir Temur farmoni bilan Shohi zinda me’moriy majmuasida bir necha maqbaralar, Bibixonim (Saroymulkxonim xon avlodidan bo‘lganligi, latofati va oqilaligi tufayli saroydagi birinchi xonim, Amir Temurning suyukli rafiqasi edi) nomi bilan ataluvchi masjid, suyukli nabirasi, taxt vorisi bo‘lgan Muhammad Sulton uchun ulug‘vor maqbara (vafotidan so‘ng Amir Temur ham bu maqbaraga dafn etilgan), Samarqand shahri atrofida o‘n to‘rtta bog‘-saroylar, Turkiston (Yassi shahri)da Xo‘ja Ahmad Yassaviyga bag‘ishlangan me’moriy majmua (bu bino Hazrati Temur masjidi deb atalib, Amir Temur farmoni bilan 1404 yilda fors me’mori Xo‘ja Xusayn tomonidan qurilgan) va boshqa me’moriy obidalar barpo etildi.
Amir Temurning quruvchilik faoliyati uning vafotidan so‘ng Movarounahrda nabirasi, buyuk falakiyotshunos olim Mirzo Ulug‘bek tomonidan davom ettirildi. Mirzo Ulu²bek xukmdorligi davrida barpo etilgan obidalardan Samarqand shahrida Ulug‘bek madrasasi, Buxoro va ¢ijduvon shaharlaridagi madrasalar, Shahrisabzdagi Gumbazi Sayidon maqbarasi va Ko‘k Gumbaz masjidlari saqlanib qolgan.
Fransuz adabiyotida Baber ismi nom qozongan (aslida «Bobur» (Yo‘lbars) nomi bilan tarixga kirgan) Zahiriddin Muhammad Bobur - Amir Temurning o‘g‘li Mironshohning chevarasi bo‘lmish Andijon hukmdori Umarshayxning o‘rniga taxtga o‘tirganda atigi o‘n ikki yoshga to‘lgan edi. Samarqandning so‘nggi temuriy hukmdori bo‘lmish amakisi olamdan o‘tishi oqibatida u ham taxt da’vogari bo‘lib chiqdi. U Samarqandni qo‘lga kiritganida bag‘oyat hursand edi. Ammo endi Samarqand «Sharq durdonasi» ham, «farovon» va «osuda maskan» ham emas, aksincha qisman vayronaga aylangan, ocharchilik hukm surayotgan va bor yo‘g‘idan ajralgan shahar edi, xolos. Shu tariqa Bobur Samarqandni yana ikki bor egallab, yana tashlab chiqib ketishga majbur bo‘ladi. So‘nggi bor Shayboniyxon ta’qibidan qochib, avval Afg‘onistonga, so‘ng Hindistonga yurish qiladi. Bobosi Amir Temur kabi Bobur ham Hindistonda buyuk saltanat - Boburiylar (Yevropa adabiyotida - Buyuk mo‘g‘ullar) saltanatini barpo etdi. Bobur tufayli Hindistonda uch yuz yildan ortiq vaqt hukmronlik qilgan sulola tomirlarida ulug‘ Amir Temur qoni oqardi. Buyuk Boburiylardan ko‘pchiligi mashhur hukmdorlar sifatida tarixga kirdi.
Xullas, Chor Rossiyasi bosqini sabab Samarqandga kirib kelgan rus temiryo‘li bo‘ylab sayohat qilgan yevropalik adiblar, jurnalistlar va sayyohlar Amir Temurni, temuriylarni, Samarqandni, uning aholisini, tarixiy obidalarini qaytadan kashf qilishdi. Ular sayyohatlari davomida fotoalbomlar, maqolalar va kitoblar yaratdi, asarlarida bu yurt fuqarolari, ularning kundalik hayoti, yashash sharoiti, urf-odati, tilida ishlatiladigan so‘z va atamalar, ularning ma’nolari, ruslar bosqini va general gubernatorlik tuzumi haqida muhim ma’lumotlarni keng yoritib berdilar.
Nurali USANOV,
O‘zbekiston madaniyati tarixi Davlat muzeyi tarix va etnografiya bo‘limi katta ilmiy xodimi.