Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Janubiy Koreyaning Seul universiteti Santa Mariya klinikasi (Seoul St’Marys hospital) o‘rtasida memorandum imzolandi

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu imzolangan memorandum tarkibida klinikalar o‘rtasida uzoq muddatli ilmiy-tajriba almashish va markazda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2019 yilning 8 oyi davomida Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 57 nafar xodimi respublika markazlarida, 8 nafari chet elning nufuzli klinikalarida malaka oshirgan.

Bundan tashqari, 2018 yil davomida markazda ko‘krak qafasidagi qilsimon deformatsiyalar bo‘yicha Janubiy Koreya, Fransiya, Turkiya va AQShning zamonaviy davolash texnologiyalari asosida 32 ta operatsiya o‘tkazildi. 141 nafar bemorga konservativ usuldagi muolajalar qo‘llanildi.

Joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida esa 82 nafar bemorda zamonaviy usulda konservativ davolash muolajalari o‘tkazildi va 36 nafari operativ davolandi.