Samarqanddagi tibbiyot markazi 500 dan ortiq bolani tug‘ma yurak nuqsonidan forig‘ etdi

Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi koronavirus pandemiyasi davridagi vaqtincha tanaffusdan so‘ng yana o‘z faoliyatini boshladi. 

  – Markazimiz nafaqat Samarqand, balki respublikamizning boshqa hududlaridan, jumladan, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy viloyatlardan keladigan bemor bolalarga ham tibbiy xizmat ko‘rsatadi, – deydi Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov. – 16 martdan yurtimizda karantin e’lon qilingach bemor farzandini davolatish niyatidagi ota-onalar biroz qiyin ahvolga tushib qoldi. Yaqinda markazimiz yana faoliyatini boshladi va bemorlarni qabul qilyapmiz. Xususan, bundan ikki yil oldin tashkil etilgan bolalar kardioxirurgiya bo‘limida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarda murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilmoqda. 

  Ta’kidlash lozimki, markazning mazkur bo‘limida Moskvadagi A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi va boshqa xorijiy nufuzli muassasalarda faoliyat ko‘rsatgan, malaka oshirib kelgan xodimlar ish olib bormoqda. 

  Bo‘limning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, murakkab jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘n turga yaqin zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar berildi. Samarqand viloyat hokimligi esa 1 milliard 900 million so‘m mablag‘ ajratib, sun’iy qon aylantirish apparati keltirdi.

  Bunday imkoniyatlar tufayli shu paytgacha faqat xorijda bajarilgan bolalar tug‘ma yurak nuqsoni bilan bog‘liq operatsiyalar hozirda shu yerning o‘zida amalga oshirilmoqda. Bo‘lim tashkil etilganidan buyon 500 dan ortiq bemor bolada ana shunday jarrohlik amaliyoti qo‘llanilib, ular darddan forig‘ bo‘ldi. Bu bolajonlarning 40 foizdan ortig‘i 1 yoshgacha bo‘lgan go‘daklardir.

  Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har bir ming chaqaloqning 6-7 nafarida tug‘ma yurak nuqsoni qayd etiladi. Ayni paytda Samarqandda 3500 nafar bolada shunday xastalik mavjud va ularni jarrohlik yo‘li bilan davolab, to‘laqonli hayotga qaytarish mumkin, deydi markaz mutaxassislari.