Samarqand viloyati hokimi Erkin TURDIMOV:

- Mamlakatimizda puxta o‘ylangan, xalq ehtiyoji va fikri hisobga olingan rejalar bilan ishlash tizimi yaratildi. Bu tizim samarasini ko‘rib, sezib turibmiz. Ammo hali ular ijrosiga ijodiy yondashuvda ko‘p ish qilinishi lozim.

Tahlillar jarayonida shu narsani sezayapmanki, rejalar ijrosini ta’minlashda aksariyat rahbarlar ichki intizom ko‘rsata olmayapti. Masalan, dasturda vazifa aniq bo‘lsa-da, uni bajarishda belgilangan muddatgacha kutib turish kayfiyati bor. Bundan tashqari, ba’zi rahbarlar ijroni doimiy nazorat qilish ko‘nikmasini o‘zlashtirmagan. Shu sababli viloyatda u yoki bu reja ijrosi tahliliga bag‘ishlab yig‘ilish chaqirilgandan so‘nggina ular «tashvish»ga tushib qolishadi. Tabiiyki, ular yig‘ilishdagi so‘rov chog‘ida turli bahonalar to‘qishga harakat qilishadi yoki yer chizib o‘tirishadi.

Dasturlar ijrosini ta’minlashda idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ham kamchiliklar bor. Xususan, ayrim hujjatlarni yig‘ishda bir vazifani bajarishga jalb etilgan idora rahbarlari birga o‘tirib, masalaga yechim topish o‘rniga bir-biriga xat yozish va uning javobini kutish bilan ovora. Bu borada o‘rinbosarlarim ham o‘z yo‘nalishlaridagi sohalar hamkorligini  yo‘lga qo‘yishlari zarur.

Har bir rahbarda berilgan topshiriq, yuborilgan xat ijrosini muntazam surishtirish intizomini, ko‘nikmasini shakllantirishimiz shart.