Samarqand viloyati hokimi yordamchisi Moskvadagi yurtdoshlarimiz holidan xabar oldi
Shu kunlarda Samarqand viloyati hokimligi vakillari Rossiya Federatsiyasida bo‘lib, ushbu mamlakatda mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimizning ish va turmush sharoiti bilan tanishmoqda.
Jumladan, viloyat hokimining tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha yordamchisi U.Normuratov Rossiyaning “PIK industri” qurilish korxonasining Moskva viloyatida joylashgan Naro-Fominsk temirbeton konstruksiyalari zavodida ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashib, ularning ish va yashash sharoiti bilan tanishdi. Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning muammolari, xohish-istaklari va takliflari tinglandi.
O‘z navbatida viloyat vakillari “PIK industri” korxonasi direktorining xodimlar bo‘yicha o‘rinbosari R.Grushnitskiy bilan uchrashib, mavjud muammolarni bartaraf etish va o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Kelgusida korxonaga ishga qabul qilish uchun o‘tkaziladigan tanlovlarda yurtimizdan boradigan ishchilarga qo‘yiladigan talablarga aniqlik kiritildi.