Samarqand viloyati hokimining Kattaqo‘rg‘on shahridagi sayyor qabulida 472 fuqaroning murojaati eshitildi

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning navbatdagi ommaviy sayyor qabuli bugun - 13 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazildi.

Sayyor qabulda viloyat hokimi bilan birga uchta sektor rahbari, viloyatdagi boshqarma va idoralar boshliqlari hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Sayyor qabul 6 soat davom etdi. Unda 472 nafar fuqaroning murojaati qayd etildi. Barcha masalalar birma-bir tinglanib, ularning yechimi yuzasidan mas’ullar biriktirildi. Murojaatlarning aksariyatini suv, elektr ta’minoti, yo‘l, tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalari tashkil etdi.

- Bugungi sayyor qabul joylarda sektor rahbarlarining uyma-uy yurib, aholi muammosini o‘rganish masalasi keyingi paytda o‘z holiga tashlab qo‘yilganini ko‘rsatdi, - dedi E.Turdimov. - Chunki aksariyat fuqarolar maishiy va oilaviy muammolar bo‘yicha murojaat qilishdi. Axir, uyma-uy yurilsa, bu muammolar joyida hal etilar, aholining ortiqcha tashvishga tushishiga barham berilardi.

Viloyat hokimi sayyor qabul yakunida ana shu jihatga e’tibor qaratdi. Qabul davomida mas’ullarga topshirilgan masalalarning ijrosini bir hafta ichida muhokama etilishini belgilagan holda viloyatning har bir hududida uyma-uy yurib, aholining muammosini o‘rganish va hal etish zarurligini ta’kidladi.

Yo.GADOYeV.