Samarqand viloyati hududlardagi tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhiti reytingidan o‘rin oldi
Adliya vazirligi respublika hududlaridagi tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhiti reytingini e’lon qildi.
Baholashda ikkita asosiy manbaga: tegishli idoralarning rasmiy statistik ma’lumotlari hamda tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga tayanildi.
Xususan, tizimda sinov tariqasida o‘tgan 2019 yilning yakunlari bo‘yicha hududlarning, jumladan, har bir tuman va shaharda ishbilarmonlik muhiti baholandi.
Baholash jami 29 ta ko‘rsatkichlar (indikatorlar) asosida amalga oshirilib, shundan 25 tasi tegishli idoralarning statistik ma’lumotlari, qolgan 4 tasi 17 mingdan ortiq tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari asosida hisoblandi.
Asosiy indikatorlar jumlasiga tadbirkorlarning yalpi hududiy mahsulotdagi hamda Davlat byudjetiga kelib tushgan tushumlardagi ulushi, tadbirkorlar tomonidan aholini ish bilan ta’minlanganligi ko‘rsatkichlarini kiritish mumkin.
Ishbilarmonlik muhitini baholash mezonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Hukumat qarorida ko‘rsatilgan bo‘lib, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar bilan kelishilgan.
Mazkur reyting sinov tariqasida ishlab chiqilgan, ya’ni demo versiyada. Ushbu demo reyting dastlabki natijalariga asosan kuchli 5 talik quyidagi hududlardir:
- Toshkent shahri
- Navoiy viloyati
- Buxoro viloyati
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi
- Samarqand viloyati
Reyting natijalari internet tarmog‘ida http://demo.b-indicator.uz/ manzilida joylashtirilgan.