Samarqand viloyati Kengashi 60 deputat iborat bo‘ladi

Ayni paytda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 101-sessiyasi o‘tkazilmoqda.

Sessiyada joriy yilning 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlariga saylov munosabati bilan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashidagi deputatlik o‘rinlari sonini belgilash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Saylov kodeksining 88-moddasiga ko‘ra, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan belgilanadi.

Bunda

- aholi soni ikki million nafargacha bo‘lgan hududlarda — o‘ttiztadan qirqtagacha;

- aholi soni ikki milliondan uch million nafargacha bo‘lgan hududlarda — qirqtadan elliktagacha;

- aholi soni uch million nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda — elliktadan oltmishtagacha.

Mazkur qoidadan kelib chiqib, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashidagi deputatlik o‘rinlari soni 60 ta etib belgilandi.