Samarqand viloyati prokuraturasi Samarqand shahridagi akva-parkda daraxt kesganlarga chora ko‘rilganligini ma’lum qildi

Joriy yilning 11 iyul kuni saytimizda “Mas’uliyatsiz mas’ullar vazifasiga noloyiq deb topildi” sarlavhali material berilgan edi. Unda Samarqand shahrida madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishda qonun talablariga rioya etish, ko‘p yillik daraxtlarni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama etilgani, bu borada e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralari qo‘llanilishi ma’lum qilingandi.

Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidagi “Afsona” akva-park hududida 2 tup tut va 2 tup chinor daraxtining kesilishi asosliligi mutaxassislar ishtirokida o‘rganildi.

Aniqlanishicha, Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi 62-manzilda joylashgan “Alexandr Hotel” MChJ direktori Akbarjon Qutbetdinov 2019 yil 1 iyul kuni Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi orqali elektron tarzda Samarqand shahar hokimligi hamda Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga “Afsona” akva-park hududida joylashgan 10-12 tup daraxtlarni kesish va butalash haqida elektron tarzda ariza bilan murojaat qilgan.

Murojaat asosida Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda “Afsona” akva-park hududida jami 13 ta (2 tup tut va 11 tup chinor) daraxt mavjudligi aniqlanib, tanasi qurimagan, g‘ovaklashgan 2 tup tut daraxt kesilishi mumkinligi va 11 tup chinor daraxtlarining yon shoxlarini butalash lozimligi haqida 2019 yil 9 iyulda o‘rganish dalolatnomasi tuzilgan. Shu kuni Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Negmatov tomonidan bu ishlarni Samarqand shahar hokimining ruxsatnomasi asosida amalga oshirish mumkinligi haqida xulosa tasdiqlangan va Samarqand shahar Davlat xizmatlari markaziga elektron tarzda yuborilgan.

Taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqqan Samarqand shahar hokimligi mutaxassislari 10 iyul kuni 2 tup tut daraxtini kesish va 11 tup chinorni butalashga ruxsat berishni rad etgan. Bu haqda Samarqand shahar Davlat xizmatlari markaziga elektron tizim orqali ma’lum qilingan.

Biroq, A.Qutbetdinov daraxtlarni kesish yoki butalashga rozilik olmasdan turib, “Afsona” akva-park hududida obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan Mashrab Karimovga daraxtlarni kesishni buyurgan va 2 tup tut hamda 2 tup chinor daraxti noqonuniy ravishda kesib tashlangan.

  Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xulosasiga ko‘ra, 2 tup chinor daraxtining noqonuniy kesilishi oqibatida o‘simlik dunyosiga 26 million 355 ming so‘m, 2 tup tut daraxtining noqonuniy kesilishi natijasida 40 million 546 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Mazkur holatlar bo‘yicha “Alexandr Hotel” MChJ rahbari A.Qutbetdinov O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining 10 barobari (2 million 27 ming 300) so‘m miqdorida, fuqaro M.Karimov eng kam oylik ish haqining 6 barobari (1 million 216 ming 800) so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Shuningdek, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 66 million 900 ming so‘m zararni undirish yuzasidan Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo ariza kiritildi.

  O‘ziga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lib, belgilangan vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi sababli Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Negmatov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan hamda Samarqand shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A.Muxammadiyev ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzgan holda, ya’ni Madaniyat vazirligining ruxsatnomasini olmasdan “Bibixonim” majmuasida joylashgan yo‘laklardagi singan plitkalarni ta’mirlagani, kitob uchun katta lavhning ustki qismini leksan bilan yopgani va uning atrofini o‘ragani uchun Samarqand shahar “Bibixonim” majmuasi mudirasi G.Akilova kelgusida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida rasman ogohlantirildi.