Samarqand viloyati prokurori payariqlik yoshlarga nima dedi?

Kecha Samarqand viloyati prokurori Farhod Zufarov Payariq tumanida istiqomat qilayotgan yoshlar bilan uchrashdi.

- Bugungi kunda mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda, - dedi viloyat prokurori. - Ushbu yo‘nalishda o‘tgan yili viloyat prokuraturasi, hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, birgina “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 2019 yilda 100 milliard 757 million so‘m kreditlar tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning 372 ta loyihasini amalga oshirish uchun yo‘naltirilib, 1096 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. AT Xalq banki Payariq va Chelak filiallari tomonidan 23 ta loyihaga 6 milliard 714 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Shuning natijasida ushbu loyihalar hisobidan 79 ta ish o‘rinlari yaratilishiga erishildi.

Biroq shu bilan bir qatorda ba’zi yoshlar tomonidan ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanmasdan, turli jinoyat va huquqbuzarliklarga qo‘l urishmoqda. Bu kabi salbiy holatlarni keltirib chiqarayotgan asosiy omillardan biri yoshlarimizning o‘zboshimchaligi, yoshi kattalarning so‘zlariga kirmaslik va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etilmayotganligi bilan izohlash mumkin.

Shu bois o‘tgan yili yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida bir qator profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Natijada, yil yakuniga kelib yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 33,6 foizga yoki 532 taga (1584 - 1052) kamayishiga erishildi. Bu ko‘rsatkich Payariq tumanida 32.2 foizga yoki 27 taga (74 - 47) kamaygan.

Biroq viloyatda yana bir noxush holat borki, u ham bo‘lsa, o‘tgan 2019 yilning 11 oyi davomida 26 180 ta nikoh qayd etilib, 1970 ta, asosan yoshlar o‘rtasida ajrimlar yuz bergani achinarli. Payariq tumanida esa 2019 yilda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida 1422 ta nikoh, shu bilan birga 229 ta ajrimlar qayd etilgan.

Viloyatda 71 657 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar turli maqsadlarda xorijiy mamlakatlarga chiqib ketgan. Ular orasida xotin-qizlarning borligi bizni tashvishga soladi.

Aslida viloyatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida oldimizda ulkan vazifalar mavjud. Bularni amalga oshirish borasida viloyat prokuraturasi sektori hisoblangan Payariq, Ishtixon, Qo‘shrabot tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida va ta’lim muassasalarida istiqomat qiluvchi yoshlar bilan ochiq muloqotlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha reja-jadval tuzildi.

Viloyat prokuraturasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi o‘rtasida yoshlar masalalariga doir o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum loyihasi ishlab chiqildi.

Bugungi uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkaziladi va tortinmasdan sizlarni qiynab kelayotgan muammo va masalalar yuzasidan murojaat qilishingiz mumkin bo‘ladi. Biz imkoniyat darajasida ushbu masalalarni ijobiy hal etishga kirishamiz.

Muloqotda ishtirok etgan yigit-qizlar o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolar va payariqlik yoshlar hayoti bilan bog‘liq takliflarini bildirishdi.

Ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha tegishli idora va tashkilot rahbarlariga zarur topshiriqlar berilib, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.