Samarqand viloyati, shahar va tumanlar prokurorlari ishchi-xodimlarning manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga 137 ta da’vo arizasi kiritgan

Keyingi yillarda aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni amaliy ko‘mak berish orqali kam ta’minlanganlik darajasidan chiqarishga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, Samarqand viloyati, shahar va tumanlar prokurorlari tomonidan hokimlik va boshqa idoralar hamkorligida ko‘rsatilgan amaliy yordam bilan 75 ta mehnat yarmarkalari o‘tkazildi, 2 921 nafar fuqarolar (shundan 945 nafar ayollar) ish bilan ta’minlandi, 7 400 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.

Bu borada olib borilgan tadbirlar davomida 500 dan ortiq nazorat hujjatlari qo‘llanilib, noqonuniy buyruq va qarorlarga 287 ta protestlar keltirildi. Ishchi-xodimlarning manfaatlarini ko‘zlab, sudlarga 137 ta da’vo arizalari kiritildi, 1 065 nafar fuqarolarning huquqlari tiklandi.

Shunga qaramasdan, 148,8 ming nafar shaxslarni ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolar dolzarb bo‘lib qolmoqda. Xususan, ishsizlar soni Samarqand shahri (22,9 ming), Urgut (17,5), Past Darg‘om (11,7), Kattaqo‘rg‘on (11,2) va Ishtixon (10,1) tumanlarida yuqoriligicha qolgan.

Shuningdek, 343 ming nafar fuqarolar ish izlab chetga chiqib ketishgan. Ularni asosan Samarqand shahar (63,9), Samarqand (24,5), Payariq (20,2) va Toyloq (19,4) tumanlarida yashovchi fuqarolar tashkil etgan.

Ishsizlik muammosi kriminogen vaziyatga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Buni 273 nafar ishlamaydiganlar tomonidan jinoyatlar sodir qilganligidan qo‘rishimiz mumkin.

Shu sababli bu boradagi nazoratni tizimli tashkil etib, bandlikni real ta’minlash, har qanday ko‘zbo‘yamachiliklarga nisbatan qat’iy munosabat bildirish, uning oqibatlarini tushuntirish orqali bunday holatlarning oldini olish va profilaktika qilish choralari ko‘rilmoqda.

Jinoyatchilik profilaktikasi borasida 8.273 ta ishsiz, nochor, nizosi mavjud oilalar, qo‘ni-qo‘shnilar, 1.075 ta yolg‘iz ayollar, 4.019 ta  ichkilikbozlik va giyohvandlikka ruju qo‘yganlar kabi jami 23.136 nafar shaxsning ro‘yxati shakllantirildi. Bu borada olib borilgan tadbirlar davomida ro‘yxatda qayd qilingan oilalarda aniqlangan 6 mingdan ortiq muammolar hal qilindi, 990 nafar muqaddam sudlanganlar ish bilan ta’minlandi.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 1 691 nafar xotin-qizlarga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 1 045 nafarining bandligi ta’minlandi, 1 711 nafariga 864,2 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatilib, 325 nafari uy-joy bilan ta’minlandi.

Farhod ZUFAROV,

Samarqand viloyati prokurori, adliya katta maslahatchisi.