Samarqand viloyatida 18 ta kasb-hunar kolleji texnikumga aylantiriladi

Har tomonlama rivojlanayotgan yurtimizda kadrlarga bo‘lgan talab yildan-yilga oshmoqda. Joylarda ishsizlik kuzatilayotgan bir paytda ishchi kasblar bo‘yicha mutaxassislarga katta ehtiyoj bor. Masalan, yengil sanoatda 46 ming, qurilishda 104 ming, metalga ishlov berish bo‘yicha 71 ming, xizmat ko‘rsatish sohasida 67 ming mutaxassis yetishmayapti. Bu ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida mutanosiblik va yaqin hamkorlik yo‘qligi oqibati.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 6 sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni respublikamizda xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlashning sifati va miqdorini oshirishga qaratilgan.

Farmonga ko‘ra, professional ta’lim tizimini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilish belgilandi. Ya’ni, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari asosidagi ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladi.

Jumladan, viloyatimizdagi jami 37 ta kasb-hunar kolleji boshlang‘ich professional ta’lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan ta’lim muassasalariga, 18 ta kollej oliy ta’lim muassasalari huzuridagi texnikumlarga aylantiriladi.

Xurshida ERNAZAROVA.