Samarqand viloyatining yog‘ ishlab chiqaruvchi gigant korxonasi sotilmoqda

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan davlat aksiya paketlarini “Toshkent” respublika fond birjasi orqali xususiylashtirish tartiblari hamda “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyatining 64,92 foiz davlat aksiya paketlarini sotish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha tadbir o‘tkazildi. 

Dastlab Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida “Toshkent” respublika fond birjasi boshqarma boshlig‘i Azamat Madaminov tadbirkorlarga aksiyadorlik jamiyatlari, aksiyalarni nazorat qilish, obligatsiyalar va aksiya chiqarish, qimmatli qog‘ozlarni birjaga joylashtirish tartiblari va shartlari bo‘yicha tushuncha berdi.

Kunning ikkinchi yarmida jurnalist va soha mutaxassislari “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan tanishdi. 1936 yilda tashkil etilgan korxonada hozirda 703 nafar xodim mehnat qilmoqda va bu yerda kuniga 500 tonnagacha chigitni qayta ishlash imkoniyati mavjud. Jamiyatda paxta yog‘idan tashqari ikkilamchi mahsulot sifatida xo‘jalik sovuni, chorvachilik xo‘jaliklari uchun shrot, sheluxa ham olinadi. 2014 yilda Jahon bankining MAR liniyasi orqali Yevropa davlatlaridan 965 ming dollarlik zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Zamonavy uskunalar soatiga 35 tonna bug‘ beradi, bu esa xomashyoni pishirib, tayyor holga keltiradi, olinadigan mahsulotning sifatini oshiradi. 3 smenada ish tashkil etilgan korxonada 2014-2018 yillarda Fransiya va Xitoydan kuniga 120 tonna yog‘ni qadoqlash uskunalari keltirib o‘rnatilgan. Jamiyat mahsulotlariga talab yuqoriligi bois joriy yilning birinchi choragida ichki bozordan tashqari qo‘shni davlatlar – Afg‘oniston va Tojikistonga 700 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan. Biroq korxonada keyingi yillarda iqtisodiy samaradorlik pasaymoqda. Bunga sabab nima? 

- Bunga birinchi sabab 2020 yilda chigitni narxi erkinlashtirilib, birja savdolari orqali xarid qilinadigan bo‘lganida, - deydi “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati bosh hisobchisi Bobur Murtazoyev. – Buning ustiga pandemiya davrida ish o‘rinlarini saqlash, ish haqi to‘lash topshirildi. Korxonamiz mavsumiy ishlaydi, yoz oylarida to‘xtaydi. Yana bungacha 2200 so‘m bo‘lgan chigit 5800 so‘mgacha ko‘tarildi. Shularning hisobidan xomashyoning tannarxi oshib ketdi. 

Ushbu korxonada respublikamizda yagona bo‘lgan rafinatsiya uskunalari ham o‘rnatilgan. Bu uskunalar orqali olinadigan yog‘ning sifat darajasi oshiriladi, iste’molga xavfsizligi ta’minlanadi. Qolaversa korxonada Italiya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Fransiya va boshqa davlatlarning eng zamonaviy texnologiyalari o‘rnatilgan. 

O‘ktam Xudoyberdiyev.