Samarqand xalq ta’limi muassasalarida o‘quv yili yakuni va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov rahbarligida ZOOM dasturi orqali 2019-2020 o‘quv yili yakuni, bitiruvchilarni oliy ta’limga qamrab olish, yangi o‘quv yili oldidan aniq vazifalarni belgilash, o‘qituvchilar bilim va malakasini oshirish, maktablarni attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazish, darsliklarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, umumta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan onlayn videomuloqot bo‘lib o‘tdi.
Karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etilgan videomuloqotda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari va bo‘lim boshliqlari, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlarining mudir va mudir o‘rinbosarlari, mutaxassislar, viloyatdagi tayanch maktablarning direktorlari ZOOM dasturi orqali joylardan qatnashdi.
— 2019-2020 o‘quv yili yurtimizda hukm surib turgan karantin sharoitidan kelib chiqqan holda yakunlandi, — dedi Saidahmad Usmonov. — O‘quv yilining 4 choragi, ayniqsa, xalq ta’limi sohasi uchun haqiqiy sinov bo‘ldi. Ushbu jarayonda o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasini uzluksiz davom ettirishda Xalq ta’limi vazirligining tashabbusi, fidoyi va jonkuyar o‘qituvchilarning xizmati katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 26 martdan 25 mayga qadar MTRK bilan hamkorlikda 3 ta telekanalda 3900 ta onlayn dars tayyorlanib efirga uzatildi. Barcha hududlarda ushbu telekanallarning ko‘rsatishi ham alohida inobatga olindi. O‘qituvchilarning masofadan ishlashi uchun ham zarur sharoitlar yaratildi. Muhimi, ushbu sharoitda o‘qituvchilarning oylik maoshlari yuz foiz to‘lab berildi.
Bugun viloyat xalq ta’limi tizimidagi biror bir ko‘rsatkichdan ko‘nglimiz to‘lmaydi, bir zum xotirjamlikka berila olmaymiz. Negaki, yutug‘imizdan ko‘ra, kamchiliklarimiz faoliyatimiz davomida namoyon bo‘lmoqda. Albatta, bu kamchiliklar bugun emas, yillar davomida yuzaga kelgan. Ammo muammolar zanjirini uzib, o‘sib kelayotgan avlodga zamonaviy va mukammal ta’lim-tarbiya berish, o‘qituvchilarni muntazam o‘z ustida ishlashga undash, tizimdagi o‘zibo‘larchilik, korrupsiya kabi illatlarga chek qo‘yishning vaqti allaqachon yetdi.
Qo‘ldosh Saidov, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i:
— O‘tgan o‘quv yilida 11-sinf bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkisi viloyatning respublikadagi ko‘rsatkichi nihoyatda salbiy holatni qayd etgandi. Ushbu kamchiliklardan kelib chiqib, 2019-2020 o‘quv yili davomida maktablarni bitirayotgan 53589 nafar bitiruvchilardan so‘rovnomalar o‘tkazilib, ularni OTMga qamrovini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratdik. So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, bitiruvchilarning 50317 nafari pedagogika (55,7 %), tibbiyot (11,9 %), ijtimoiy-iqtisodiy soha (6,9 %), qurilish (3,4 %) va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga hujjat topshirish istagini bildirishdi. Bitiruvchilarga DTM tomonidan ishlab chiqilgan abitur.dtm.uz sayti imkoniyatlaridan kengroq foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar keng targ‘ib qilindi.
Maktab bitiruvchilarining oltin va kumush medallariga tavsiya etilganligi holatini har bir tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limi tanqidiy tahlil qilib, bu boradagi kamchiliklarni kelgusida takrorlamaslik, o‘quvchi va o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish talab etiladi.
Bitiruvchilarga shahodatnoma va attestatlarni o‘z vaqtida yetkazish, 9- va 11-sinf o‘quvchilarining baholarini attestat.uzedu.uz saytiga kiritish, IDUM(I)lardagi ta’lim sifati va samaradorligini oshirish kabi muhim vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish talab etiladi.
Nizomiddin Odilov, metodika bo‘limi boshlig‘i:
— Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan “Online-maktab” loyihasi endi “Online-ta’til” asosida davom etadi. Bunda nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilarning salohiyati, o‘z mutaxassisligiga doir bilimini oshirish, ularning axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlash, bilimini sinovdan o‘tkazish jarayonlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Bugungi kunga qadar o‘quv darsliklarida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelinganligi sir emas. Endilikda nafaqat bu kamchiliklarni bartaraf etish, shu bilan birga, darsliklarni takomillashtirish mexanizmi ishlab chiqilmoqda. Bunda eng avval, xalq ta’limi sohasida mehnat qilayotgan barcha o‘qituvchilar, umuman, keng jamoatchilikning fikri, taklif va mulohazalarini olishga alohida e’tibor qaratildi. Shu asosda Respublika ta’lim markazi tomonidan telegramda @darslikka_taklif_bot boti ishga tushirildi. Unga darsliklarni takomillashtirish, nafaqat mazmun balki, ko‘rinishi, o‘quvchilarning yoshiga mosligiga doir 3 tilda — o‘zbek, rus va ingliz tillarida taklif yuborish imkoniyati mavjud. Ta’til davrida o‘qituvchilarimizdan ushbu jarayonda faol bo‘lishi so‘raladi.
Videomuloqot davomida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari Ozod Jangirov, Elmurod Suyarov, bo‘lim boshliqlari Xurshid Hojiqulov va Oloviddin Ochilovlar ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik, maktablarni attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlari, Mehribonlik uylarida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyalashga berish ishlari haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Yakunda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, taklif va tavsiyalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.