Samarqand xalqaro aeroportidan qadimiy tanga va pul birliklari ushlab qolindi

Madaniy boyliklarni mamlakatimiz bojxona chegaralaridan yashirincha olib o‘tishga bo‘lgan urinishlarga qarshi bojxonachilar samarali kurash olib borishmoqda.

Xususan, Samarqand xalqaro aeroportidan xorijiy davlatga uchib ketayotgan fuqaro I.X. “yashil” yo‘lakdan harakatlanar ekan, bojxonachilar tomonidan belgilangan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan o‘tkazildi, deb yozmoqda Bojxona qo‘mitasi rasmiy veb-sayti.

Natijada, fuqaroning yuklari orasidan deklaratsiyada ko‘rsatilmagan va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilinmagan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketish uchun tegishli ruxsatnoma talab qilinadigan, qadimiyligi 50 yildan oshgan 46 dona tanga va pul birliklari borligi aniqlandi va to‘xtatib qolindi.

Mazkur holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi va Samarqand viloyati Ma’muriy sudining ochiq sud majlisi qaroriga ko‘ra, fuqaro I.X. ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topildi hamda unga tegishli bo‘lgan tanga va pul birliklari musodara qilindi.

Joriy yil boshidan buyon Samarqand bojxonachilari tomonidan jami 70 ga yaqin tangalar va muomaladan chiqarilgan pul birliklari noqonuniy olib chiqilishining oldi olingan.