Samarqand xalqaro texnologiya universiteti: Imtihonlarni xorijlik professor-o‘qituvchilar oladi, eng yuqori ball olgan 20 kishiga grant beriladi 

Bu haqda universitetning qabul jarayonlariga oid tashkil qilingan "Ochiq eshiklar kuni"da rektor Yusuf Abdullayev ma’lum qildi.

Biz son uchun emas, sifat uchun kurashamiz, ya’ni bizda tahsil olgan talabalar jahon standartlariga mos yetuk mutaxassislar bo‘lishi kerak. Shu sababli keyingi o‘quv yilidan universitetga 350 nafar talaba qabul qilamiz va undan oshirmaymiz. Maqsadimiz - 2030 yilgacha universitetimiz O‘zbekistonda eng yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lishi kerak. Imtihonlarni xorijlik professor-o‘qituvchilar oladi. Eng yuqori ball to‘plagan 20 nafar talabaga davlat granti asosida o‘qish imkoniyati beriladi, - deydi - Yusuf Abdullayev.

Universitet ochilganiga endi bir yil to‘ldi, hozirda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda Xitoy universitetlari hamkorligida mazkur oliy ta’lim muassasasida Xitoy energetika instituti (fakulteti) tashkil etildi. Yangi o‘quv yilida butun dunyo bo‘ylab ishlash imkoniyatiga va xalqaro diplomga ega bo‘ladigan 40 nafar talaba tahsil olishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, "Issiqlik energetikasi" yo‘nalishida ikki yil o‘qigan talabalar, qolgan ikki yillik ta’limni Xitoyda olishi mumkin.

Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ochilgan "Qayta tiklanadigan energiya manbalari" Yashil" texnologiyalar", "Dizayn","Raqamli iqtisodiyot" yo‘nalishlarida ikki yil o‘qigan talabalar o‘qishining qolgan ikki yilini Janubiy Koreyada davom ettirish imkoniga ega.

Samarqand xalqaro texnologiya universitetining o‘quv reja va dasturlarining qariyb 99 foizi jahon standartlari asosida xorijiy texnika universitetlari bilan hamkorlikda yaratilgan bo‘lib, unda darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi. 2023-2024 o‘quv yilida bakalavriat yo‘nalishida o‘qish uchun 275 ta kvota ajratilgan.

Xurshida ERNAZAROVA.