Samarqandda 1 gektar yer uchun soliq to‘lovi yuridik shaxslarga 39 million so‘m, jismoniy shaxslarga 1 kv.m. uchun 352 so‘m etib belgilandi

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari yetmish to‘qqizinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab, xalq deputatlari viloyat Kengashining 2022 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 noyabrdagi “Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari aholisining turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2022-2023 yillarda Samarqand viloyati aholisi turmush sharoitini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning manzilli dasturi doirasida bajariladigan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha bosh loyiha tashkilotlari va bosh pudrat tashkilotlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga, 2021 yil 30 dekabrdagi “Samarqand viloyati mahalliy byudjetning 2021 yildagi kutilayotgan ijrosi hamda 2022 yilgi mahalliy byudjetning belgilangan asosiy parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qarorlar tasdiqlandi.

Yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng viloyatda 2023 yilda yuridik va jismoniy shaxslar bo‘yicha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun shahar va tumanlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkalari tasdiqlandi.

Viloyatda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarning 1 gektari uchun bazaviy soliq stavkasi yuridik shaxslarga 39 million so‘m, jismoniy shaxslarga 1 kv.m. uchun 352 so‘m etib belgilangan.

Sessiyada viloyatning 2023 yilgi mahalliy byudjetini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Bu haqda viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayev, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omov ma’lumot berdi.

“2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, viloyat mahalliy byudjetining 2023 yil uchun daromadlari 4 958,8 milliard so‘m, xarajatlari 7 155 milliard so‘m prognoz qilinganligi hamda respublika byudjetidan ajratiladigan tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar 2 196,2 milliard so‘m miqdorida tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilindi. Viloyat byudjeti zaxira jamg‘armasi hajmlari 22,7 milliard so‘m miqdorida belgilandi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengashning qarorlari qabul qilindi.