Samarqandda 100 nafarga yaqin fuqaroni xorijga yuborish uchun katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgan agentlik xodimlari tergov qilinmoqda
2018 yilning dekabr oyidan 2019 yilning dekabr oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida fuqaro M.O. tanishi O.Z. bilan bir guruhga birlashib, ijara olingan Samarqand shahri Beruniy ko‘chasidagi 32A uyda “Consort xususiy bandlik agentligi” MChJning ofisini tashkil qilib, o‘zgalarning mulkini firibgarlik yo‘li bilan egallash maqsadida, xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga Yaponiya, Germaniya va boshqa xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilib, 100 ga yaqin fuqarodan jami 786.948.000 so‘m pullarni qo‘lga kiritishgan.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Consort xususiy bandlik agentligi” MChJ direktori M.O. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi doirasida jami 95 nafar fuqaro ariza bilan murojaat qilib, shulardan 84 nafari so‘roq qilinib, jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan bo‘lsa, qolgan 11 nafar fuqaro respublikamizning turli viloyatlarida yashab kelayotganligi sababli ular bilan bog‘liq tergov harakatlarini o‘zlarining yashash hududi bo‘yicha o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
Dastlabki tergov davomida jinoyat ishi bo‘yicha fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararning 366 million so‘mi qoplangan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.