Koreyaga olib borishni va’da bergan xususiy bandlik agentligining 10 nafar mansabdoriga turli jazolar tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan «Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda sodir etilgan firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlandi.
Ma’lum qilinishicha, 2019 yil 10 oktyabrda jamiyat rahbari va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.
Tergov jarayonida 2372 nafar fuqaro jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilib, jamiyat tomonidan 24,2 milliard so‘mdan ziyod moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Dastlabki tergov davomida jami 10 nafar shaxsga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan ayb e’lon qilinib, «qamoqqa olish», «uy qamog‘i» va «garov» tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanildi.
Ta’kidlanishicha, dastlabki tergovdan yashiringan shaxslarga nisbatan jinoyat ishining bir qismi alohida ish yurituviga ajratilib, ulardan ushbu pul mablag‘larini qaytarishga qaratilgan barcha kuch – vositalar ishga solinadi va fuqarolarimizga yetkazilgan moddiy zararning qolgan qismini qoplash choralari ko‘riladi.
2020 yil 9 mart kuni jamiyatning mansabdor shaxslariga nisbatan e’lon qilingan ayblov Jinoyat kodeksining firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyatlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan to‘ldirilgan.
Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari tamomlanib, ayblov xulosasi tuzilgan va uni tasdiqlash hamda tegishli sudda ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.