"Korean and migration xususiy bandlik agentligi" bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida sudlanuvchilar Qahramon Otaqulov (1979 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ direktori), Odil Kabilov (1963 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ Namangan viloyati filiali direktori), Xushvaqt Turdiyev (1973 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ ta’sischisi), Musurmon Aliqulov (1970 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ o‘quv ishlari bo‘limi direktori), Anvarjon Shamshiddinov (1983 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ Namangan viloyati filiali ish yurituvchisi), Orifjon Jo‘rayev (1983 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ Namangan viloyati filiali g‘aznachisi), Mavluda Otajonova (1969 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ hisobchisi), Ra’no Nuraliyeva (1976 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ kadrlar bo‘limi inspektori), Kang Nam Kyu (1968 yilda Koreya Respublikasida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ hamkori) va Jalol Xidirov (1987 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, vositachi)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.
Mazkur jinoyat ishi sudya T.Qosimov raisligida ko‘rilmoqda.
Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi Q.Otaqulov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishga yolg‘on va’dalar berib, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJga kelib murojaat qilgan fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritib, ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.
Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha 2 372 jabrlanuvchi va 4 fuqaroviy da’vogarlar mavjud.
Ayblov xulosasi bo‘yicha moddiy zarar miqdori 24,2 milliard so‘m bo‘lib, shundan dastlabki tergov mobaynida 13,3 milliard so‘m miqdorini bartaraf etish chorasi ko‘rilgan.
Sud jarayoni davom etmoqda. Keyingi sud majlisi 8 iyun kuniga tayinlangan, deb xabar berdi Oliy sud matbuot xizmati.