Samarqandda 18 ta AYoQShda benzinni qimmat sotish holati kuzatildi

Davlatimiz rahbarining shu yil 12 dekabrda qabul qilingan qarori bilan 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun istisno tariqasida, aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llash belgilandi.

Natijada AI-80 rusumli avtobenzin mahsulotining chakana narxi amaldagi narxlarga nisbatan o‘rtacha 8,7 foizga kamaydi va 13 dekabrdan “O‘zbekneftgaz”ga qarashli va boshqa tadbirkorlik sub’yektlarining avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini bir litri 5700 so‘mdan sotila boshlandi.

Ammo ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shoxobchalarda ushbu markadagi benzinni asossiz ravishda qimmat sotish holatlari, og‘ir vaziyatdan o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanib qolishga uringan shaxslar borligi haqida xabarlar tarqaldi.

Bu kabi holatlarga oydinlik kiritish maqsadida kecha Samarqand shahridagi AYoQShlarda bo‘lib, AI-80 rusumdagi benzinning qancha narxda sotilayotgani bilan qiziqdik.

– To‘rt kundan buyon AI-80 benzinni 5700 so‘mdan sotyapmiz, talabga qarab, buyurtma beryapmiz, – deydi Rudakiy ko‘chasidagi, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli shoxobcha rahbari Tohir Zuhurov. – Bugun ham 24 tonna benzin keltirildi va hozir tarqatishni boshlaymiz.

Shu ko‘chadagi hamda Alisher Navoiy shohko‘chasidagi AYoQShlarda ham AI-80 markali benzin 5700 so‘mdan sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.

– Mazkur qaror qabul qilinib, birjada benzin narxi tushganidan keyin ham ba’zi shoxobchalarda AI-80 benzini eski narxlarda sotilayotgani kuzatildi, – deydi “O‘zneftgazinspeksiya” viloyat bo‘limi boshlig‘i Ikrom Maxsumov. – Lekin bu shoxobchalar rahbarlari va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, benzin narxini asossiz oshirish holatlarining oldi olinmoqda. Ayni paytda viloyatimizda inspeksiyamiz, monopoliyaga qarshi kurashish, soliq va boshqa tegishli organlar xodimlaridan iborat sakkiz guruh tashkil etilib, neft va gaz mahsulotlari savdosi bo‘yicha monitoring va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Kechagi o‘rganishlar davomida viloyat bo‘yicha asosan, tumanlardagi 18 ta AYoQShda mahsulotni ushbu qaror chiqishidan oldin olganini ro‘kach qilib, AI-80 markali benzinni qimmat sotish holati aniqlandi. Shoxobcha egalari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilib, ular ogohlantirildi va narx 5700 so‘m etib belgilandi. Barcha shoxobchalar mas’ullari belgilangan tartibga rioya qilmasa, qat’iy javobgarlik choralari ko‘rilishi yuzasidan ogohlantirildi.

I.Maxsumovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda viloyatda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan 284 ta AYoQSh faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular birja savdolarida qatnashib, mahsulot xarid qilmoqda. Keyingi uch kun davomida birja savdolari orqali 951 tonna AI-80 markali benzin shoxobchalarga chiqqan.

Bugungi kun holatida viloyatdagi “Maroqand neft baza” MChJda 1685 tonna AI-80 markali benzin zaxirasi mavjud.

Darvoqe, kecha telegram kanalimiz obunachilari o‘rtasida “AI-80 markali benzinni qanchaga olyapsiz?” degan savol bilan so‘rovnoma o‘tkazilgan edi. Unda ishtirok etgan 1300 dan ziyod ishtirokchining 19 foizi “5700 so‘mdan oldim”, degan javobni belgilagan. 39 foizi sotilayotgan avtobenzin “5700 so‘mdan qimmat”, deya hisoblagan. 42 foiz respondentlarimiz esa “AYoQShda bu markadagi benzin yo‘q”, degan javobda to‘xtalgan.

Shuningdek, ayrim obunachilar telegram kanalimizning izohlar qismiga o‘zlari guvoh bo‘lgan holatlarni qoldirishgan. Unga ko‘ra, viloyatimizning ayrim joylaridagi AYoQShlarda AI-80 markali benzin 6000 so‘mdan, ayrim shoxobchalarda 6800-7000 so‘mdan sotilayotganini yozib qoldirgan.

G‘.Hasanov.