Samarqandda 1871 oila subsidiya oldi va ularning ko‘pchiligi uy-joyga ega bo‘ldi
Viloyatda joriy yilning 1 oktyabrigacha 4715 nafar fuqaro subsidiya olish uchun murojaat qilgan.
Jumladan, davlat xizmatlari markazlari orqali 3700 ta, my.gov.uz portali orqali 1015 ta arizalar kelib tushgan.
Ta’kidlash lozimki, subsidiya uchun ariza topshirish har bir talabgorga pul mablag‘i beriladi, degani emas. Subsidiya tayinlash uchun fuqarolar aniq mezonlar bo‘yicha tanlab olinadi, ya’ni daromadi yuqori bo‘lmagan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalar, nochor, nogiron va himoyaga muhtoj xotin-qizlar tanlanadi.
Komissiya xulosasiga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 1871 oila subsidiya olish imkoniyatiga ega bo‘ldi, 1786 ta murojaatga rad javobi berilgan.
Murojaatlarning eng ko‘pi, ya’ni 1492 tasi Samarqand shahar, qolgan 3223 tasi tuman (shahar)lardan tushgan.
Subsidiya olish imkoniyatini qo‘lga kiritgan oilalarning eng ko‘pi - 610 tasi Samarqand shahridan, eng kam subsidiya esa 67 nafar Jomboy tumani fuqarolariga ajratildi.
Ipoteka krediti asosida uy-joy olishda subsidiya beriladiganlar orasida ishtixonlik Muxlis Norbekov ham bor. Muxlis oilaviy sharoiti sababli boshpana qilishga mablag‘ yig‘olmadi. U subsidiya berish to‘g‘risidagi hukumat qarorini eshitgach, Samarqand shahar davlat xizmatlari markaziga ariza topshirdi. Komissiya xulosasi asosida markaz xodimlari fuqaroga subsidiya berish to‘g‘risidagi xabarnomani taqdim etdi. Muxlis hozirgi vaqtda Samarqand avtomobil zavodida injener-konstruktor bo‘lib ishlamoqda. Oilali, bir nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i uy bekasi.
– Davlatimiz tomonidan aholi turmush darajasini yanada yaxshilash borasida yaratib berilayotgan imkoniyatlardan mamnunmiz, – deydi maqolamiz qahramoni. - Men ham ipoteka krediti asosida uy-joy olish uchun ariza topshirgan edim. Arizam ijobiy hal etilib, Qorasuv massivida zamonaviy tipda barpo etilgan binolardan 3 xonali kvartira ajratildi. Bunday imkoniyatlardan g‘oyatda minnatdormiz.
Darvoqe, joriy yil uchun subsidiya olish uchun arizalar qabul qilish 1 oktyabrda tugadi. Kelgusi yil uchun ham arizalar qabul qilinishi belgilangan. Bu haqda aniq ma’lumotlar asosida qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.
Yoqubjon Marqayev.