Samarqandda 2,5 ming gektar maydondagi paxta mashinalar yordamida teriladi, 5 ta terim mashinasi sotib olinadi
Bu yil viloyatimizda paxta yig‘im-terimi o‘tgan yillarga nisbatan biroz kech boshlandi. Kuzning yog‘in-sochinli kunlari tobora yaqinlashmoqda. Shunday bo‘lsa-da, yetishtirilgan hosilni qisqa fursatda terib olish choralari ko‘rilmoqda.
Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, viloyatimizdagi paxta to‘qimachilik klasterlari “John Deere” kompaniyasining Toshkentdagi ofisi orqali 5 ta paxta terish mashinasi sotib olinadi.
Jumladan, Ishtixon tumanidagi “Maroqand sifat tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati 3 ta va Narpay tumanidagi “Maroqand sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta to‘qimachilik klasteri esa 2 ta ana shunday zamonaviy paxta terim mashinalarini olib keladi. Hozirda 1 ta terim mashinasi Ishtixon tumaniga keltirilib, terim maydoniga moslashtirilayotgan bo‘lsa, yana bitta mashina Surxondaryo viloyatida terim ishlarida sinovdan o‘tkazilib, viloyatimizga keltirilmoqda.
Ushbu texnikalar bir kunda 15-20 gektargacha maydondan 60-90 tonnagacha paxta terish imkoniyatiga ega. Texnikalar yordamida viloyatimizdagi 2500 gektar maydondagi paxtani terib olish rejalashtirilgan. Agar bu mashinalar samaradorligi kutilgan natija bersa, keyinchalik yana shu kabi terim mashinalari xarid qilinadi.
O‘z muxbirimiz.