Samarqandda 45,6 ming o‘quvchi 11-sinfni bitirdi

Xabar qilganimizdek, viloyatimizdagi barcha maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, shuningdek, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onalariga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona”, “A’lochi o‘quvchi otasi”, “Bilimli qiz onasi” kabi nominatsiyalari bo‘yicha tashakkurnomalar berildi.
O‘quv yili davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlandi.

1661 nafar bitiruvchi oltin medalga loyiq
2022-2023 o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarini jami 111 462 nafar o‘quvchi 9- va 11-sinflarni tugatmoqda. Shundan 65 842 nafari 9-sinfni, 45 620 nafari 11-sinfni tamomlayapti.
Joriy yilda viloyat maktablaridagi 9-sinf bitiruvchilarining 3942 nafari a’lo darajadagi tayanch o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga, 11-sinflarning 198 nafari kumush, 1661 nafari oltin medalga da’vogarlik qilmoqda.

Qancha maktab o‘quvchisi muddatidan oldin talaba bo‘ldi?
Joriy yil viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 293 nafar o‘quvchisi muddatidan oldin xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirib, talaba bo‘ldi.
Hududlar kesimida eng ko‘p talaba bo‘lganlar Samarqand shahri maktablari bitiruvchilari bo‘lib, muddatidan oldin 81 nafar o‘quvchi talaba bo‘lgan. Keyingi eng ko‘p bitiruvchisi talaba bo‘lgan hududlar – Past Darg‘om tumanidan 39 nafar, Jomboy tumanidan 30 nafar maktab bitiruvchisi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.