Samarqandda 59 nafar sport murabbiylariga ehtiyoj bor
Samarqand shahridagi sportning yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning viloyatimizdagi ijrosiga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlarda viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berish yuzasidan qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlandiki, 2020 yil Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga sportning yengil atletika, dzyudo, boks, eshkak eshish, yunon-rum kurashi, badiiy gimnastika, kamondan otish turlari bo‘yicha hamda paralimpiya o‘yinlarining paradzyudo, taekvondo VTF yo‘nalishlarida 33 nafar sportchilar yo‘llanma olish uchun xalqaro sport musobaqalari va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etmoqda.
Samarqand shahridagi Quyi xo‘jasoat, Yuksalish, Nurafshon, Qorasuv mahallasi, Oqdaryo tumanidagi Kumushkent, Bozorjoy, Yangi qo‘rg‘on, Avazali mahallalari, Paxtachi tumanidagi Taraqqiyot, Istiqlol, Burqut, Shamsi Nazarov mahallalarida yoshlarni ommaviy sportga jalb etish yuzasidan tizimli ishlar bajarilmoqda.
- Viloyat sport muassasalarida bugun trener-o‘qituvchilarga ehtiyoj bor, - dedi Sh.Ro‘ziyev. - Jumladan, Samarqand shahrida 28, Paxtachi tumanida 7, Urgut tumanida 24 nafar trener-o‘qituvchilar yetishmayapti. Shuningdek, sport-tibbiyot mutaxassislarining yo‘qligi ham muammo. Masalan, joylarda boks bo‘yicha murabbiylarning yetishmayotgani oqibatida atigi ikki nafar bokschimiz xalqaro musobaqalarda o‘rin olishga erishdi, xolos. Sport maktablaridagi mavjud murabbiy-o‘qituvchilar faoliyati ham qoniqarli emas.
Tadbir davomida ishtirokchilar sport maktabida yaratilgan shart-sharoitlar, kutubxona va muzey faoliyati bilan tanishdi.
Husan ELTOYeV.