Samarqandda 825 nafar bolaga “Prezident sovg‘asi” beriladi

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan 3-15 yoshdagi bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlaridan iborat 825 nafar bolalar uchun “Prezident sovg‘asi” poytaxtimizdan Samarqand viloyatiga bugun, 28 dekabr kuni yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

“Prezident sovg‘asi” 20 turdagi shirinlik, 3 turdagi o‘quv qurollari va 2 turdagi jihozlardan iborat.

29 dekabr kuni viloyat musiqali drama teatri oldida o‘rnatilgan bayram archasi yonida “Prezident archasi” tadbirlari tashkil etiladi. Samarqand shahridagi 1-mehribonlik uyi va “SOS” bolalar mahallasining 212 nafar tarbiyalanuvchilari jalb etilib, ularga “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshiriladi. Qisqa muddatli teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari va bayram dasturi namoyishidan so‘ng bolajonlar manzillariga kuzatiladi.

Shu kunning o‘zida viloyatning tuman va shaharlarida yashovchi 613 nafar ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan 3-15 yoshdagi bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga xalq ta’limi bo‘limlari xodimlari, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan “Prezident sovg‘asi” o‘z uylariga yetkaziladi.

Pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda tashkil etilayotgan Yangi yil tadbirlarida o‘ksik qalblarni xushnud etish, bolajonlarning har qachongidan xursand, unutilmas taassurotlar bilan bayramni nishonlashi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.