Vazirlik ayrim hududlarda 1-sinf o‘quvchilariga "Prezident sovg‘asi" berilmaganiga izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda 2020-2021 o‘quv yilida 1-sinf o‘quvchilari uchun beriladigan "Prezident sovg‘asi" ayrim o‘quvchilarga yetib bormaganligi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilindi.
Ushbu vaziyatga Xalq ta’limi vazirligi munosabat bildirdi:
"Maktablarda o‘quv yili pandemiya sharoitini hisobga olib bosqichma-bosqich tashkil etilgan edi. Ba’zi maktablar faoliyati kechroq boshlangani sababli “Prezident sovg‘asi” taqsimoti ham bosqichma-bosqich amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, pandemiya sababli ayrim ota-onalar tomonidan o‘quvchilarning hujjatlari kech olib kelingan yoki dastlabki rejadagi maktabga emas, balki boshqa maktablarga topshirilgan", deyilgan munosabatda.
Shuningdek, agar farzandingizga “Prezident sovg‘asi” berilmagan bo‘lsa, havoladagi shaklni to‘ldirishingiz yoki hududiy xalq ta’limi boshqarmalarining ko‘rsatilgan telefon raqamlariga murojaat qilishingiz so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, “Prezident sovg‘asi” tarkibiga faqat portfel va o‘quv qurollari kiradi, darsliklar "Prezident sovg‘asi" tarkibidan o‘rin olmagan.