Bolajonlarga Prezident sovg‘alari ulashildi

Aval xabar qilganimizdek, Samarqand shahrida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, SOS bolalar mahallasida yashayotgan bolalar, boquvchisini yo‘qotgan chin yetimlar hamda xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan huquq-tartibot organlari xodimlari farzandlariga “Prezident sovg‘asi”ni topshirishga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

’’Salom,  Yangi yil!’’ shiori ostida o‘tkazilgan mazkur tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov, shahar hokimi B.Oblaqulov va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bolajonlarga 6 nomdagi o‘quv qurollari, 20 turdagi shirinliklar, shaxmat va yumshoq o‘yinchoqlardan iborat “Prezident sovg‘asi” joylashgan maxsus qopchalarni tantanali ravishda topshirdi.

- Har yili Yangi yil bayramini orziqib kutamiz, - deydi Samarqand shahridagi 1-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Umid Nosirov. - Bu yilgi bayram kutganimizdan ham qiziqarli bo‘lmoqda. Ayniqsa, "Prezident sovg‘asi" menga juda yoqdi. Sovg‘a ichida shaxmat ham bor ekan. Chunki shaxmat o‘ynashga juda qiziqaman. Shaxmat bo‘yicha o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib bo‘lganman. Kelajakda jahon chempioni bo‘lishni orzu qilaman.

Tadbirda bolajonlar uchun teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etildia. Qalbi quvonchga to‘lgan jajjilar bezatilgan archa atrofida Qorbobo, Qorqiz va multfilm qahramonlari bilan ertaklar olamiga sayohat qildi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).