Samarqandda “Abu Dabi jamg‘armasi” loyihasi doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

“Abu Dabi jamg‘armasi ishtirokida Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modenrizatsiya qilish” loyihasi doirasida shahardagi 2 ta suv inshooti, 6 ta nasos stansiyasi, 11,2 kilometr suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish maqsadida 31,5 million dollar mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Prezidentning 2022 yil 8 sentyabrdagi “Abu Dabi jamg‘armasi ishtirokida Samarqand shahrida suv ta’minoti tizimlari va yo‘l tarmoqlarini modenrizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 300 million dollarni tashkil etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu loyiha doirasida joriy yil boshidan 6,8 million dollar mablag‘ moliyalashtirilib, 5,4 million dollari o‘zlashtirilgan.
O‘tgan davr mobaynida “Cho‘pon ota” va “Dahbed” suv inshootlarida (D-300-1400) 12,5 kilometr quvur, elektr tarmoqlari va transformatorlar montaj qilinib, binolarning poydevor qismini izolyasiya qilish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, inshootlardagi 30 ta suv qudug‘i burg‘ulanib tozalangan. Ayni paytda “Cho‘pon ota”, “Dahbed” va “Lev Tolstoy” suv inshootlari, “Gormolzavod”, “Mikrorayon “A” va “B”, “Mo‘liyon”, “Beruniy” va “So‘g‘diyona” nasos stansiyalarini rekonstruksiya qilish ishlarini yakunlash va obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda.
“Samarqand suv ta’minoti” AJ Samarqand shahar filiali tomonidan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan press-turda bu haqda batafsil ma’lumot berildi.
– “Cho‘pon ota” va “Dahbed” suv inshootilarida yuqori bosimli suv quvurlari va quduqlarida montaj hamda burg‘ulash ishlari olib borilmoqda, – deydi “Samarqand suv ta’minoti” AJ Samarqand shahar filiali mas’ul xodimi Samandar Ismatov. – Shu bilan birga, shaharning Mikrorayon va So‘g‘diyona maskanlaridagi ko‘p qavatli uy-joylarni 24 soat ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida zarur materiallar va jihozlar zaxirasi yaratildi.
Buyuk ipak yo‘li va Taraqqiyot ko‘chalari kesishmasida D-500 millimetr bo‘lgan suv tarmog‘ini “Mikrorayon “A” va “B” nasos stansiyasiga boradigan D-500 millimetr suv tarmog‘iga hamda So‘g‘diyona nasos stansiyasidan chiqqan D-200 millimetr bo‘lgan suv tarmog‘ini D-500 millimetr magistral suv tarmog‘iga ulandi. So‘g‘diyona nasos stansiyasida ta’mirlash, jihozlarini yangilash ishlari amalga oshirildi.
Natijada 1980 yildan buyon uylarning yuqori qavatlariga suv chiqmaslik xolatlari bartaraf etilib, 20 ta mahalladagi 42 ming nafardan ziyod aholining ichimlik suv ta’minoti soatbaydan 24 sota uzluksiz tartibga o‘tkazildi. Endi Farhod shaharchasidagi 2 ta mahallada joylashgan ko‘p qavatli uy-joylarda isitiqomat qiluvchi 1020 nafar aholining ichimlik suv ta’minotini ham uzluksiz tizimga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
Abu Dabi jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur loyiha doirasida “Samarkand infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv olish va nasos stansiyalari uchun qurilish va elektromexanik ishlar” loyihasi 2023 yildan boshlab “MESMER-EAST” MChJ va “GÜÇLÜ INŞAAT” pudratchi tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilmoqda. Qurilish va rekonstruksiya ishlariga Eron, Turkiya va Xitoy mamlakatlaridan mutaxassislar jalb qilingan.
– Samarqand shahrida aholi ko‘p, shu bois odamlarning talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda inshootlarining qurilish-ta’mirlash ishlarini butun dunyoda tan olingan Germaniya va Angiliya texnologiyalari asosida olib boryapmiz, – deydi “MESMER-EAST” MChJ bosh texnologi, eronlik Dovidi Boboi. – Ushbu texnologiyalar orqali kamida 50 foiz elektr energiyasi va qariyb 80-90 foiz ichimlik suvi tejaladi. Asosiy ishni texnika bajaradi va mutaxassislar nazorat qilib boradi. Loyiha 2026 yilda to‘liq yakunlanadi, shu yil yakuniga qadar esa So‘g‘diyona, Lev Tolstoy, Gormolzavod nasos stansiyalarida rekonstruksiya ishlari tugatilib foydalanishga topshiriladi.
Bu ma’lumotlar jurnalist va blogerlar uchun o‘tkazilgan press-tur davomida berildi. Tadbir doirasida ishtirokchilar shahar hududida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish jarayoni bilan ham tanishdi.