Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali o‘rnatiladi
Bu gaplar qanchalik asosli, aslida, bog‘ hududida qanday qurilish ishlari amalga oshirilmoqda? Savollarimizga javob topish maqsadida bog‘ tomon yo‘l oldik.
Manzilga borib ko‘rdikki, tarqatilgan xabarlarda jon bor. Istirohat bog‘ining Amir Temur va Abdurahmon Jomiy ko‘chalari chorrahasidan kirish qismida o‘rnatilgan temir panjara olib tashlangan, ayrim attraksionlar bog‘ning boshqa hududiga ko‘chirilmoqda. Bir nechta qudratli texnika yer tekislamoqda.
Bu qanday taraddud ekanini Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari B.Elmurodovdan so‘raganimizda, u kishi quyidagicha izoh berdi:
– Bu yerda o‘zbek va tojik adabiyotining buyuk namoyondalari – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyning haykali o‘rnatilib, atrofi obod etiladi. Yaxshi bilasiz, ushbu ikki ulug‘ mutafakkir haykali ilgari Samarqand shahridagi “Afrosiyob” mehmonxonasi yonida, ko‘rimsiz joyda edi. Keyinchalik haykal u yerdan ko‘chirildi. Shahar jamoatchiligi, ziyolilar va ijodkorlarning taklifi bilan haykal uchun mana shu joy tanlandi. Bu maskan tanlanishi bejiz emas va bu to‘g‘ri tanlov. Chunki, haykal o‘rnatiladigan maskan Abdurahmon Jomiy ko‘chasi yonida ekani, Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan istirohat bog‘i hududida joylashishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, fors-tojik adabiyotining yana bir yirik vakili Abu Abdullo Rudakiy haykali o‘rnatilgan maydon ham ushbu istirohat bog‘iga tutashib ketgan. Demak, bu maskan kelgusida yaxlit majmua sifatida adabiyot bog‘iga, o‘zbek va tojik xalqlarining do‘stligi ramziga aylanadi.
Nihoyatda qisqa fursatda amalga oshirilishi belgilangan qurilish loyihasiga ko‘ra, haykal o‘rnatiladigan maydon bog‘ning 30-35 sotix yerini egallaydi. Haykal atrofida favvoralar, orqa tomonida bir necha ustunli arka bunyod etiladi. Maydon chetida gulxona va maysazorlar tashkil qilinadi. Bir necha xil noyob manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish rejalashtirilgan.
G‘olib Hasanov