Samarqandda baliqning bir kilogrami necha so‘m?

Bank aylanmalari tahliliga ko‘ra, bu narx o‘rtacha 3810 so‘mni tashkil qilgan. Eng arzon baliq Bulung‘ur tumanida – 987 so‘mdan. Nega?

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan hokimlik soatida baliq yetishtirish borasidagi mavjud ahvol atroflicha tahlil qilindi. Qayd etilganidek, bugungi kunda 1718 gektarda baliq boqish havzalari tashkil etilgan.

Shundan, 1381 gektar sun’iy suv havzalari, 82 gektar chavoq yetishtirish maydoni, 315 gektar yarim intensiv, 17 gektar intensiv havzalar va 5 ta yopiq suv aylanma tizimlari mavjud.

Shuningdek, 9 ta suv omborlarda 7 ming 987 gektar tabiiy suv havzalarida baliq yetishtirilmoqda.

2019 yilda baliq yetishtirish rejasi 20 ming tonna qilib belgilangan. Biroq amalda 8,8 ming tonna (44 foiz) baliq yetishtirilgan.

Yetishtirilgan baliq mahsulotining bir kilogrami uchun o‘rtacha 10 ming so‘m hisobida 87,6 milliard so‘m mablag‘ tushirilishi kerak edi. Haqiqatda esa 33,4 milliard so‘m mablag‘ bank hisob raqamlariga kirim qilingan. Shunga ko‘ra, bir kilogramm baliq uchun o‘rtacha narx 3810 so‘mni tashkil qilgan.

Jumladan, Bulung‘urda 987 so‘m, Kattaqo‘rg‘onda 1679 so‘m, Narpayda 1185 so‘m, Oqdaryoda 1950 so‘m, Toyloqda 1572 so‘m va Urgutda 1072 so‘mni tashkil qilib, sotilgan baliq mahsulotlari bank hisob raqamlariga kirim qilinmagan.

160 ta xo‘jaliklarda umuman bank hisob raqamlariga mablag‘lar kirim qilinmagan. Jumladan, Payariqda 36 ta, Ishtixonda 30 ta, Past Darg‘omda 24 ta, Kattaqo‘rg‘onda 14 ta, Bulung‘urda 13 ta va Oqdaryoda 11 ta xo‘jaliklarda 2019 yilda bank orqali pul mablag‘lari aylanishi ta’minlanmagan.