Samarqandda bioiqtisodiyot sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanyapti
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida O‘zbekistonda bioiqtisodiyotni rivojlantirish borasida xalqaro o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Latviya, Litva, Finlandiya davlatlaridan, shuningdek, bioiqtisodiyot sohasidagi o‘zbekistonlik olimlar, eskpertlar qatnashdi. Unda O‘zbekistonda bioiqtisodiyotni rivojlantirish imkoniyatlari, uning mohiyati, o‘rni, afzalliklari, tarmoq yondashuvidan farqlari, yagona bioiqtisodiy ekotizimda turli sub’yektlarning vazifalari va afzalliklari haqida fikr yuritildi.
- Loyiha doirasida uch yildan beri o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda ishlayapmiz, - deydi xalqaro loyiha koordinatori, Latviya Hayot fanlari va texnologiyalar universiteti olimasi Irina Kulitane. – O‘zbekistondagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasi bilan kelishuvga erishganmiz. Bugun ushbu oliy ta’lim muassasalarida loyiha doirasida bioiqtisodiyot yo‘nalishida jami 23 nafar magistr ta’lim olyapti. Kelasi yilda ular O‘zbekistonda bioiqtisodiyot sohasi bo‘yicha birinchi qaldirg‘ochlar sifatida o‘qishni bitiradi. Shuningdek, ular vazirlikda, boshqaruv organlarida, oliy ta’lim muassasalarida bioiqtisodiyot sohasida mehnat qiladi. Loyiha doirasida kelgusida kelishuvga erishilgan institutlarda bioiqtisodiyot yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash davom etishi va rivojlanishi kerak. Shu maqsadda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida bioiqtisodiyot markazi tashkil etildi. Biz o‘zbekistonlik oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilarini ham bioiqtisodiyot bo‘yicha ta’lim berishga tayyorlashimiz kerak. Ular seminarlarda qatnashib, yevropalik olimlar bilan tajriba almashyapti. Bizning Latviya Hayot fanlari va texnologiyalar universitetimizda bioiqtisodiyot sohasida uzluksiz ilmiy ishlar, tajribalar olib boriladi. Latviya qishloq xo‘jaligi vazirligi buyurtmasi asosida istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi va hayotga tadbiq etiladi. O‘zbekistonda ham yaqin kelajakda bioiqtisodiyot sohasi bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshiriladi. O‘zbekiston tarmoq iqtisodiyotidan bioiqtisodiyotga samarali o‘tishni amalga oshirish uchun ulkan salohiyatga ega, ammo bu maqsadlarga erishish uchun mamlakatda bioiqtisodiy yondashuvlarni sanoat amaliyotiga joriy etadigan yuqori malakali mutaxassislarga muhtoj.
Seminar Latviya Hayot fanlari va texnologiyalar universiteti rahbarligidagi Yevropa Ittifoqining “YeRASMUS+” dasturi tomonidan moliyalashtiriladigan “BioYesUz” konsorsiumi tomonidan tashkil etildi. Unda yevropalik olimlar o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Xurshida ERNAZAROVA.