Samarqandda birinchi chorakda o‘g‘irlik va firibgarlik jinoyati ko‘paydi
Bu haqda Samarqand viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i A.Halimov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, yilning dastlabki uch oyida viloyat hududida 1294 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 223 tasi og‘ir va 71 tasi o‘ta og‘ir jinoyatlar hisoblanadi. Jumladan, 1502 ta jinoyat mahalla hududida yuzaga kelgan.
– Umumiy jinoyatlar tarkibida o‘g‘irlik 157 ta (o‘tgan yilning shu davrida 84 ta), firibgarlik 196 ta (o‘tgan yilning shu davrida 149 ta) qayd etilib, ko‘paygan bo‘lsa, qotillik (11-8), og‘ir tan jarohati yetkazish (15-11) 27 foizga, talonchilik (6-3) 50 foizga, bezorilik (19-11) 42 foizga, nomusga tegish (6-5) 17 foizga kamaydi, – dedi A.Halimov. – Jinoyatchilik ko‘rsatkichi viloyatimizdagi 1105 ta mahallaning 61 tasida barqaror, 31 tasida kamaydi. 828 mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi. Profilaktika inspektorlari tomonidan 98 ta jinoyat fosh etilib, 12 nafar qidiruvda bo‘lgan va 2 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs aniqlandi.
Bu yil Samarqand viloyatida tajriba tariqasida jinoyatga imkon beradigan omillarni bartaraf etish, jinoyatga moyil shaxslarni tarbiyalashga jamoatchilik imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga jamoatchilik bahosini berish maqsadida mahallalarda “Jamoatchilik kengashi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida oila-turmush sohasida nizoli 217 oilaning muammolari o‘rganilib, 243 tasining notinchligiga barham berildi. 54 ta yosh oilaning ajralishi oldi olindi. Shuningdek, yilning dastlabki uch oyida huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan 4898 nafar fuqaro profilaktik hisobga olindi.