Samarqandda birinchi choy festivali bo‘lib o‘tdi
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan “Choy, madaniyat, tinchlik!” nomli festival tashkil etildi.
Unda Xitoyning “Teo, Amo kaj la Mondo” xalqaro loyihasi, Tiantzin Esperanto Assotsiatsiyasi (TEA), Tiantzin Fan va texnologiya universiteti (TUST), Xalqaro choy madaniyati bazasi (ITCB, Xanchjou), Chetzian qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi universiteti (ZAFU) kabi yetakchi tashkilotlardan kelgan ekspertlar ishtirok etdi.
- Choyning uzoq o‘tmish tarixini, dunyo miqyosidagi madaniy va iqtisodiy ahamiyatini e’tirof etgan holda, 2019 yil 19 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 21 mayni – “Xalqaro choy kuni” deb e’lon qilgandi, - dedi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev. – Shu munosabat bilan xalqaro choy kuni festivalini nishonlashga qaror qildik. Choy dunyodagi eng muhim ekinlardan biri, 5 ming yildan ortiq tarixga ega noyob o‘simlik bo‘lsa-da, uning sog‘liqni saqlash, madaniyat va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga qo‘shgan hissasi bugungi kunda ham dolzarbligicha qolmoqda. Choy oziq moddalarning muhim manbai va dunyoda eng ko‘p iste’mol qilinadigan ichimlik bo‘lib, u iste’mol qilish bo‘yicha ichimlik suvidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Festivalda xitoylik yozuvchi, choy sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis, bir qator ilmiy ishlar, jumladan, “Choy yetishtirish ustalari haqida trilogiya” asarining muallifi, professor Van Syufen, Tyantzin Fan va texnologiya universiteti Xalqaro almashuv bo‘limi direktori, professor Vu Zhenjun, Tiantzin Esperanto Uyushmasi (TEA) rahbarlari Xan Daqiang va Lin Lishalar ham o‘z video tabriklari bilan ishtirok etdi.
Tadbirda samarqandliklar va shahar mehmonlari turli xalq va mamlakatlarning choy ichish madaniyati, choy damlash san’ati hamda choy marosimlarini o‘tkazish tartibi bilan tanishtirildi. “Choy sirlarini toping” viktorinasi tashkil etilib, g‘oliblarga festival tashkilotchilari tomonidan sovg‘alar berildi.
Shuningdek, universitet talabalari tomonidan tayyorlangan “Yor-yor”, “Chimildiq” sahna ko‘rinishlari va kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.
Festivalda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tomonidan xitoylik sheriklar bilan tayyorlangan “Teo, Amo kaj la Mondo” fotoko‘rgazmasi namoyish etildi. Bu fotoko‘rgazma Markaziy Osiyodagi keng qamrovli ekspozitsiyaning birinchi namoyishidir.
Festival ishtirokchilari “Amir Tea Samarqand” mas’uliyati cheklangan jamiyatining eng yaxshi choy namunalari ko‘rgazmasi bilan tanishib, ichimlikni to‘g‘ri tayyorlash, korxona mahsulotlaridan tatib ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.