Samarqandda bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirishga e’tibor kuchaydi

Keyingi paytda milliy futbolimiz kelajagiga berilayotgan e’tibor natijasida ushbu sport turi rivojlanib bormoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2023 yil 7 apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimizdagi futbol maktablari respublika tasarrufiga o‘tkazildi va ushbu muassasalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun viloyat hokimligi tomonidan barcha sharoitlar yaratildi.

Jumladan, “Dinamo” PFK tasarrufidagi Charxin futbol maktabi nomi Samarqand futbol maktabi deya o‘zgartirildi. Kimyogarlar shaharchasidagi stadion ham endi mazkur maktab tasarrufiga o‘tkazildi. Shuningdek, viloyat futbol maktabi uchun ikkita standart talabga javob beradigan 65x100 o‘lchamdagi sun’iy va tabiiy maydon zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Ayni paytda muassasamizda 7 yoshdan 18 yoshgacha 17 ta futbol guruhida futbolchilar uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lib, 20 nafarga yaqin murabbiy va futbol mutaxassislari qo‘l ostida tarbiyalanmoqda.

5 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024 yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham sportni, xususan, futbolni yanada ommalashtirish, bolalar va o‘smirlar futbolini jahon darajasiga ko‘tarish vazifasi qo‘yildi.

Ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan Samarqandda futbolni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar, kelgusidagi rejalar belgilab olindi. Xususan, hududlardagi iqtidorli sportchilar saralash va terma jamoalarga yetkazib berish maqsadida Samarqand shahri, Past Darg‘om, Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Bulung‘ur va Samarqand tumanlaridagi maktablarga murabbiylar biriktirildi. Shuningdek, havaskor va professional yosh futbolchilar o‘rtasida viloyat chempionati, liga bahslari, tuman va shaharlar jamolari musobaqalar tashkil qilish, iqtidorli yoshlarni zaxira va asosiy tarkibga jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Shuhrat SAYFULLAYeV,
viloyat futbol maktabi direktori.