Samarqandda boshqaruv idoralari xodimlari oylik maoshlarining ikki baravarigacha rag‘batlantiriladi

Viloyat hokimligining ushbu taklifi davlatimiz rahbarining 15-16 aprel kunlari Samarqandga tashrifi davomida qo‘llab-quvvatlangan.

Tashrif yig‘ilish bayonida viloyat hokimligi, xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati, saylov kotibiyati, iqtisodiy taraqqiyot, investitsiya, turizm, moliya, bandlik boshqarmalari xodimlarini ularning ish samaradorligiga qarab, moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 2021 yil 1 apreldan boshlab oylik maoshlarini ikki baravarigacha bo‘lgan miqdorlarda rag‘batlantirib borish taklifiga rozilik berilgan.

Mazkur bayon bilan shuningdek, viloyat hokimligi axborot xizmatiga 1 ta (13-15 kishiga mo‘ljallangan) mikroavtobus belgilangan limit doirasida mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan sotib olinadigan bo‘ldi.

Bu mikroavtobusdan viloyatda olib borilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tashkil etilayotgan press-turlarda foydalanish ko‘zda tutilyapti.

Avtomashina xaridi va uni rasmiylashtirish xalq deputatlari viloyat Kengashining 30-sessiyasida ko‘rib chiqilib, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan 499 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.