Xorijiy tilni o‘rganish madaniy boylikmi yoki milliylikka tahdid?

Yurtimiz yoshlari orasida xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchayib boryapti. Chunki til bilish nafaqat o‘qish, balki ish topish vositasiga aylanmoqda. Ayniqsa, ingliz tilidagi so‘zlar, iboralar, ular bilan bog‘liq madaniy unsurlar bugungi yoshlarning kundalik hayoti, nutqi va dunyoqarashiga ta’sir qilyapti.
Bugungi o‘smirlar ko‘proq inglizcha kontent tomosha qilib, shu tilda musiqa tinglayapti, filmlar tomosha qilyapti, shu tildagi ijtimoiy tarmoqlarni kuzatyapti. Hatto o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari postini inglizcha so‘zlar bilan ifodalamoqda. “Nice”, “Bro”, “No problem”, “Motivation”, “Ok” kabi aralash iboralar esa ularning kundalik muloqoti bo‘lagiga aylangan.
Yoshlarda ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishning oshishi sabablari global tilda so‘zlashish orzusi, chet elda o‘qish, xalqaro imkoniyatlarga chiqish istagi bilan bog‘liq. Boshqa tomondan, bu holat ko‘p hollarda “zamonaviy” yoki “intellektual” ko‘rinishga intilish, ya’ni moda sifatida namoyon bo‘layotir. Go‘yoki, ingliz tilini bilmaganlar o‘zini orqada qolayotgandek his qiladi.
To‘g‘ri, ingliz tilini o‘rganish yoshlarning dunyoqarashini kengaytirar, yangi bilim va imkoniyatlar sari eshik ochishi mumkin. Bu til orqali ularda xorijiy adabiyotlarni o‘qish, boshqa madaniyatlar bilan tanishish, intellektual salohiyatini rivojlantirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Chet ellik yoshlar bilan muloqot qilish, xalqaro forumlar va onlayn kurslarda ishtirok etish kabi imkoniyatlar ham bevosita ingliz tilini bilishga bog‘liq.
Biroq bu jarayonning salbiy jihatlari ham yo‘q emas. Afsuski, ba’zi yoshlar ona tilini e’tibordan chetda qoldirib, inglizcha kontentlarga berilib ketmoqda. Bu esa ularni o‘zlik, milliy qadriyatlardan yiroqlashishga olib kelyapti. Ular fikrini o‘zbek tilida ifoda eta olmasdan, arosatda qolyapti.
Tilshunoslikda buni “madaniy aralashuv” deb ataydi. Ya’ni, til o‘zgaradi, yangi so‘zlar kirib keladi. Agar bu aralashuv muvozanatsiz bo‘lsa, bir til ikkinchisini siqib chiqaradi va bu milliylik uchun madaniy xavfga aylanadi. Shuning uchun, biz, ota-onalar, pedagoglar ingliz tilining haddan ziyod ustunlashuvidan xavotirdamiz.
Ingliz tilini o‘rganishga qarshi emasmiz. Ammo bu jarayonda muvozanat saqlanishi zarur. Yoshlarimiz ingliz tilini o‘zlashtirar ekan, o‘zbek tilini, madaniyatini, tarixini, adabiyotini ham sevib o‘rganishi shart. Shu tariqa ular global dunyoga chiqib, milliy qadriyatlarni ham targ‘ib qila olsin, bilimli va madaniyatli avlodga aylansin!
Xorijiy tillarning yoshlar madaniyatiga kirib kelishi zamon talabi. Lekin bu talabni ongli boshqarish, milliylikni asrab qolgan holda globallashuvga qadam qo‘yish asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak. Tilni emas, mazmunni tanlash davri kelganini unutmaylik. Muhimi, kimligimizni yo‘qotmasligimiz lozim.
G‘aybullo MIRSANOV,
SamDChTI professori.