Samarqandda 25 dan ortiq mamlakat triatlonchilari bellashadi
Shu yilning 6, 7 va 8 sentyabr kunlari Samarqand shahrida triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati hamda "Challenge Samarkand" xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston triatlon federatsiyasi, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Samarqand viloyati hokimligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilayotgan musobaqaga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun ushbu musobaqani o‘tkazishdan maqsad va bu galgi turnirning ahamiyati haqida fikrlarini bildirdi.
- Triatlon bo‘yicha "Challenge Samarkand" xalqaro musobaqasini o‘tkazishdan asosiy maqsad mamlakatimizda ushbu sportning ommaviyligini rivojlantirish va aholining sportga qamrovini oshirishdan iborat. Biz butun dunyo bo‘ylab juda ko‘p sonli muxlislarni jalb qilamiz. Ushbu musobaqada har qanday sportchi ishtirok etishi mumkin. Biz ularga yordam beramiz, qo‘llab-quvvatlaymiz, yo‘l ko‘rsatamiz hamda mamlakatimizda triatlon sportini rivojlantirish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz va ommalashtiramiz.
Samarqand eshkak eshish kanali dunyodagi eng yaxshi uchta kanallardan biri. May oyida ushbu joyda jahon kubogini o‘tkazgan edik va jahon triatlonida bizning joylashuvimiz bunday tadbirlarni o‘tkazish uchun eng yaxshi joylardan biri sifatida qayd etildi.
Biz ushbu nufuzli musobaqani tashkil etish orqali turizmni va aynan sport turizmini rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Chunki har bir ishtirokchi, yolg‘iz emas, oilasi va do‘stlari bilan keladi, ularning barchasi O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishadi. Musobaqadan so‘ng ishtirokchilar, albatta, ko‘hna kentdagi qadimiy obida va yodgorliklarimiz, me’morchilik, urf-odatlarimiz bilan tanishadi.
Musobaqada 25 dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan ziyod triatlonchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning 15 nafari jahon toifasidagi professional sportchilar, jumladan, norvegiyalik Kristian Blummenfelt, Gustav Eden, germaniyalik Riko Bogen, Daniya vakili Laura Madsen va boshqa taniqli triatlonchilar ishtirok etadi.
Triatlon bo‘yicha milliy chempionat ham tashkil etyapmiz. Unda eng kuchli sportchilar aniqlanadi va terma jamoa shakllantiriladi. Ayollar o‘rtasidagi musobaqada samarqandlik Alina Hakimova o‘rta masofada qatnashadi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.