Samarqandda farzandi bilan ko‘risholmayotgan otaga sud orqali diydor tartibi belgilandi

Rasul Ruhshona bilan nikohi o‘rtalaridagi kelishmovchilik sabab, sud qarori orqali bekor qilingach, farzandi - Rohila uchun alimentni o‘z vaqtida to‘lab kelgan. Biroq sobiq turmush o‘rtog‘i va uning onasi turli bahonalar bilan qizini ko‘rsatmay qo‘yadi.
Birinchi sinfda o‘qib, maktabning bilimli o‘quvchilaridan bo‘lgan bolasi bilan uchrashishga qilgan harakatlari sobiq turmush o‘rtog‘i va qaynonasining qarshiligiga uchragach, Rasul Rohila bilan qonuniy ko‘rishish choralarini ko‘rgan. U doimiy yashash uy-joyi borligi, boshqa oila qurganligi, ish joyi va yashash joyidan ijobiy ta’riflangani, farzandini sog‘inganligini, uning tarbiyasida ishtirok etishini ko‘rsatib, suddan farzandi bilan ko‘rishib turishga qaror chiqarishni so‘ragan.
Sud Rasulning farzandi bilan ko‘rishish, uning tarbiyasida ishtirok etish hamda tarbiyalash masalasini hal etishda qatnashishi lozimligini inobatga olib, Rohila bilan har oyning birinchi va to‘rtinchi shanba kunlari soat 11:00 dan 17:00 ga qadar ko‘rishishi va tarbiyasida ishtirok etishi tartibini belgiladi. Shuningdek, Ruhshonaning zimmasiga Rasulning sud qarorida belgilangan muhlatda farzandi bilan ko‘rishishiga to‘sqinlik qilmaslik majburiyatini yukladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, joriy yilning 11 oyi davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudlari tomonidan bola bilan uchrashish haqida da’vo arizalar yuzasidan 210 ta hal qiluv qarori chiqarilgan. Shundan 208 ta da’vo arizalar qanoatlantirilgan, 2 ta da’vo rad qilingan.
Aytish mumkinki, 65 ta da’vo arizalar sayyor sud majlislarida muhokama qilingan va ko‘rib tamomlangan.
G.ESANOVA,
fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.