Samarqandda gepatologiya markazi ochiladi

6 noyabr kuni davlatimiz rahbari boshchiligida tibbiyot sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari, kasalliklar tarkibiga qarab, xususiy sektorni jalb qilgan holda, davolash muassasalarini tashkil etish zarurligi ta’kidlangandi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda – buyrak, Andijonda – kardiologiya, Buxoro va Navoiyda – oshqozon-ichak, Jizzax va Sirdaryoda – nafas yo‘llari, Qashqadaryo va Farg‘onada – endokrin, Samarqandda – gepatologiya, Namangan va Surxondaryoda – asab va qon aylanishi tizimi, Toshkent viloyatida – oftalmologiya, Toshkent shahrida – onkologiya kasalliklari bo‘yicha ilg‘or xorijiy klinikalar filiallarini tashkil etish belgilandi.

Gepatologiya jigardagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq xastaliklarni davolovchi soha hisoblanadi. Mazkur sohada Samarqandda uzoq yillardan beri samarali mehnat qilib kelayotgan mutaxassislar ko‘p. Qolaversa, har yili shu sohani tanlab, klinik ordinaturani o‘tayotganlar soni turlicha bo‘lib, o‘rtacha 2-3 nafar mutaxassis tayyorlanadi. Bilim olishning ushbu bosqichida talabalar qariyb to‘rt oy aynan jigar kasalliklari bo‘yicha dars oladi. Ikki yildirki viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi qoshida gepatologiya markazi, faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu markaz aholining ehtiyoji, shuning­dek, tegishli hukumat qarorlari asosida tashkil qilingan. Markazda nafaqat samarqandlik, balki qo‘shni Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlaridan ham bemorlar davolanmoqda. U yoki bu shifoxonaning saviyasini avvalo aholining o‘zi belgilaydi. Asosiy indikator – aholining o‘zi. Qaysi viloyatdagi shifoxonaga borishni ularning o‘zi tanlaydi.

Bir paytlar qator diagnostik tahlillar uchun bemorlarni poytaxtga jo‘natishga majbur bo‘lardik. Hozirgi kunda ushbu laboratoriya tahlillarining 99 foizi Samarqandning o‘zida ham mavjud. Faqat ushbu diagnostik tahlillarning barchasi markazda emas, bir qismi xususiy klinikalarda amalga oshiriladi. Bu esa ba’zi bemorlarning moddiy imkoniyatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Samarqandda ushbu markazning takomillashtirilishida laboratoriya jihozlariga ham e’tibor qaratilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ushbu sohada Samarqandda xorijiy klinika filiali tashkil etilsa, markaz mutaxassislari bilan u yerda tajriba almashinuv ham yo‘lga qo‘yiladi, degan umiddamiz.

Mahbuba YaRMUHAMMEDOVA,

Samarqand davlat tibbiyot instituti yuqumli kasalliklar kafedrasi dotsenti.