Samarqandda Germaniya bilan hamkorlikda salomatlik maktabi ochildi
Samarqandda O‘zbekiston ommaviy-huquqiy tadqiqotlar markazi va Germaniyaning Konrad Adenauer fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Insonning salomatlik huquqi va davlatning roli” mavzusida VII xalqaro fanlararo ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Germaniya va o‘zbekistonlik ekspertlar, sud-huquq tizimi, sog‘liqni saqlash sohasi vakillari, olimlar ishtirok etdi.
Konferensiyada xorijiy tibbiyot xodimlarini birlashtirish loyihalari, kasalxonalarni boshqarish, salomatlik masalalarida taniqli olimlarning ma’ruzalari tinglandi, muhokama etildi.
- Sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat siyosati fuqarolarning sog‘ligini muhofaza qilish va tibbiy yordamga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarning amalga oshirilishini ta’minlashdan iborat, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Ommaviy-huquqiy tadqiqotlar markazi direktori Azamat Egamberdiyev. – 2023 yil 30 aprel kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan referendumda umumxalq ovozi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash masalalariga katta o‘rin berilgan. Shuningdek, ijtimoiy davlat tamoyili, keksa avlod vakillari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishonchli himoya qilish, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim va ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish, fuqarolarning ekologik huquqlarini, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash kabi ko‘plab prinsipial ahamiyatga ega masalalar kiritilgan.
Konstitutsiyaga yangi tushunchalarning tegishli qonunlar hamda siyosiy-huquqiy dasturlar asosida kiritilishi salomatlik huquqining milliy konsepsiyasini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan fanlararo tadqiqotlarni amalga oshirishni taqozo etadi. Germaniya va o‘tish jarayonini boshidan kechirayotgan O‘zbekiston hamkorligida bunday muloqotlarning o‘tkazilishi sog‘liqni saqlash sohasidagi siyosat va salomatlik huquqining ahamiyati hamda mazmuni haqidagi nazariy g‘oyalarni ilgari surishga xizmat qiladi.
Anjumanda ikki davlat olimlari hamkorligida salomatlik va huquqqa doir o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy ishlanmalar yaratish masalasi ilgari surildi. Konferensiya doirasida O‘zbekiston-Germaniya “Abu Ali ibn Sino va Xaynrix Shipperges nomidagi Samarqand xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi” nodavlat ta’lim muassasasining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.