Samarqandda har bir mahalla obod maskanga aylanadi

Bu haqda Samarqand shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov ma’lum qildi.

Hokimning aytishicha, “Obod mahalla” dasturi doirasida shahardagi Yangi hayot mahallasida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. Hududda rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan 61-maktabga 2 milliard 964 million so‘m mablag‘ sarflanmoqda.

Bundan tashqari, qayd qilingan dastur doirasida Yangi hayot bilan birga Do‘stlik mahallasidagi 9,5 kilometr ichki yo‘l ta’mirlanyapti. Bu ikki mahallada qishda loy, yozda chang bo‘ladigan ko‘cha qolmadi, hisob. Chunki o‘tgan davr mobaynida 8 kilometr ana shunday ichki yo‘lga shag‘al tosh to‘kilib, ta’mirlandi. Eng muhimi, asfaltlash ishlaridan oldin mahallalarda ichki kommunikatsiya tarmoqlari - ichimlik suv va oqova tarmoqlari ko‘rikdan o‘kazilib, zarur ta’mirlash ishlari amalga oshirilyapti.

Umuman, ushbu mahallalarda 17,4 kilometr ichimlik suv va oqova tarmoqlari tortilyapti. Shuningdek, 14 kilometr piyodalar yo‘laklarini qurish va ta’mirlash ishlari rejalashtirilgan.
Mahallalarda 270 ta xonadon uy-joy fondining tashqi qiyofasini yaxshilash rejalashtirilgan. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 7,7 kilometr tarmoq tortilib, 2 ta transformator va 165 ta tayanch o‘rnatilyapti.