Samarqandda homilador ayol va uning 5 yoshli o‘g‘lini simyog‘och bosib qoldi

Hodisa Samarqand shahridagi Mahmud Koshg‘ariy ko‘chasidagi 35-umumta’lim maktabi oldida, kech soat 20.00 atrofida sodir bo‘lgan.

Hodisadan jabr ko‘rgan U.R va uning besh yoshli o‘g‘li kasalxonaga olib borilgan. Guvohlardan biri Andrey Boltayevning ma’lum qilishicha, avvaliga qarsillagan baland ovoz, so‘ngra esa bola yig‘isi eshitilgan. Voqea joyiga yetib borgan guvoh ayol kishini simyog‘och bosib qolganini ko‘rgan, uning yonida esa bola yig‘lab turgan edi.

Shundan so‘ng bir necha kishi yon-atrofdan o‘tib ketayotgan «Tez yordam» mashinasini to‘xtatgan. Ammo shifokorlar boshqa chaqiriqqa ketayotganini ro‘kach qilib, yordam bermagan. Qo‘ng‘iroq qilib chaqirilgan ikkinchi «Tez yordam» brigadasi esa 15-20 daqiqada yetib kelgan.

Shahar ahli bir necha bor simyog‘och xavfli holatda turgani haqida shikoyat qilgani, ammo ma’muriyat hech qanday chora ko‘rmagani aytilmoqda.