Samarqandda ikkinchi “Choy, madaniyat, tinchlik” deb nomlangan choy festivali bo‘lib o‘tdi
Choy o‘zining foydali xususiyatlari bilan dunyoda keng tarqalgan o‘simliklardan biri bo‘lib, 5 ming yildan ortiq tarixga ega.
Bu noyob o‘simlik bugungi kunda ham ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotda muhim o‘rin tutadi. Bu yil Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bir qator korxona va tashkilotlar hamkorligida “Choy, madaniyat, tinchlik” nomli ikkinchi Samarqand festivalini tashkil etdi. Unda ziyolilar, xorijlik mehmonlar va universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Choy Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan, o‘zbekistonliklar uchun oddiy ichimlik bo‘lib qolmasdan, u mamlakatlar tarixi va madaniyatida ham muhim o‘rin tutadi. Bu ichimlik hayot ramzi, har bir oila kundalik turmushining ajralmas qismi hisoblanadi.
Yoshlar orasida choy ichish madaniyatini rivojlantirish va ommalashtirish, o‘zbek choyini dunyoga targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan choy festivalida o‘zbek choyi bilan birga turli mamlakatlar va turfa xalqlarning choy ichish madaniyati, choy damlash texnikasi namoyish etildi.
Choyning uzoq tarixi, dunyo miqyosida tutgan madaniy va iqtisodiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda 2019 yil 19 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 21 mayni “Xalqaro choy kuni” deb e’lon qildi. Bu yilgi choy festivalida Xitoyning eng yaxshi choy navlaridan namunalar, “Amir Tea Samarqand” MChJ tomonidan tayyorlanayotgan choy navlari, shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan birgalikda tayyorlangan xalqaro tematik fotoko‘rgazma namoyish etildi. Shuningdek, diltortar kuy-qo‘shiqlar ham festivalga o‘zgacha ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Festival ishtirokchilari tadbirda turli xalqlarning choylaridan ichib, baho berishdi.